Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rasul Kusherbayev: Kechagi ishlar bo‘yicha ikki og‘iz

Rasul Kusherbayev: Kechagi ishlar bo‘yicha ikki og‘iz

Foto: Xabar.uz

Toshkent shahar bosh ekologi Farhod Dehqonov kecha tunda qo‘yib yuborilib, oilasi bag‘riga qaytdi. U Chilonzor va Uchtepa tumanlaridagi daraxtkushlik ishi ortidan hibsga olingandi. Daraxtkesarlarga qarshi kurashadigan organ rahbari hibsga olinishi jamoatchilikni larzaga keltirgan. Ayniqsa, bu ekologiya tizimidagi xodimlarga shashtni so‘ndiradigan darajada qattiq zarba bo‘lgandi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev yozdi.

«Bilamizki, ona tabiatni asrash, daraxtlarni saqlab qolish borasidagi ishlar davlat siyosatining ajralmas bo‘lagiga aylanib bo‘ldi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan daraxt kesishga qarshi muddatsiz moratoriy e’lon qilindi, «Yashil makon» dasturi yo‘lga qo‘yildi.

Demak qancha qiyin bo‘lmasin davlatning bu boradagi pozitsiyasi qat’iy va o‘zgarmas: moratoriy talablariga rioya qilinishi shart. Va biz buni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.

Biroq kechagi Chilonzor va Uchtepadagi daraxtkushlik voqeasi bu talabni amalga oshirish qanchalar qiyin ekanligini yana bir bor ko‘rsatdi. Ayniqsa, jamoatchilik bilan bab-baravar ekologik qonunchilik ijrosini ham nazorat qilishi kerak bo‘lgan prokuraturaning ishga yondashuvi dastlab xavotirli tuyuldi. Shahar ekologiya boshlig‘ini hibsga olib, jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan prokuratura yakunida o‘zi uni ozod qildi. Savollar ko‘p bo‘lsa-da har qalay prokuraturaning yakunida qilgan harakati o‘z o‘rnidagi to‘g‘ri va asosli qaror bo‘ldi, deb hisoblaymiz.

Chunki, jamoatchilik ham ekologiya xodimlari ham davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan moratoriy talablariga rioya etilishi tarafdori.

Umid qilamizki, bunday tushunmovchilik boshqa qaytarilmaydi.

Shu o‘rinda yana bir gapni aytib o‘tish darkor. Mendagi ma’lumotlar bo‘yicha kechagi ziddiyat Prezident Adminstratsiyasining aralashuvi bilan o‘z o‘rniga tushgan.

Prezident Adminstratsiyasining jamoatchilik bilan ishlashdagi yangi uslubi va jamoat bilan hamfikr holda ish tashkil etayotgani shaxsan meni quvontirmoqda, yangi ishonch va g‘ayrat bermoqda.

Biz bunday yondashuvni qo‘llab-quvvatlaymiz va bundan buyon ham davlat rahbarining tashabbusi bilan joriy etilayotgan talablarni amalga oshirishda faol jamoatchilik nazoratini olib borishda davom etamiz», dedi deputat.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring