Keksalar Ramazon oyi ro‘zasini tutolmagan bo‘lsa... Bu borada dinimizning hukmi qanday?
«Saraton tafti atrof-javonibni tandirdek qizdirgan, nafas olayotgan jon borki, tanga miqdoricha soya topsa, o‘zini shunga urgan paytlarda ham ramazon ro‘zasini tutganmiz. Boz, «o‘roq mavsumi» deya atalgan bug‘doy o‘rimi payti aynan yozning chillasiga to‘g‘ri kelganda ham bo‘ynimizdagi qarz – ro‘zani qazo qilmaganmiz».
Bu – Ikkinchi jahon urushidan keyingi ocharchilik yillaridagi vaziyat. Lekin har yili ramazon kirib kelishi bilan rahmatli onamning aytgan shu so‘zlari qulog‘im ostida jaranglayveradi. Mushtipar volidamning bu so‘zlari menga «Ro‘za – ruh va tan shifosi» ekanini eslatayotgandek go‘yo.
Bunday olib qaraganda, sizu biz mo‘min-musulmonlarga ro‘za tutish (ayniqsa, issiq kunlarda) qiyinchilik bo‘lib tuyulsa-da, lekin uning zamirida ulkan hikmatlar bisyor. Ro‘za ham ruh, ham tan sog‘lig‘i kafolatidir.
Oramizda qariyalar, keksalar, bemor va musofirlar bor. Xo‘sh, ular qanday tartibda ro‘za tutishadi?
Tabiiyki, bu savolga javob topish uchun avvalo islom dinining asosiy manbai – Qur’oni karimga murojaat qilamiz.
«Ey imon keltirganlar! Sizlardan oldingi(ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz. Sanoqli kunlarda. Bas, sizlardan kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir. Madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi. Agar bilsangiz, ro‘za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir. Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, (tuta olmagan kunlarining) sanog‘i boshqa kunlardandir. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi. Bu – hisobni to‘ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun Allohga takbir (hamdu sano) aytishingiz va shukr qilishingiz uchundir» (Baqara surasi, 183–185-oyatlar).
Boshqa bir oyatda esa: «Alloh hech bir jonga (uning) toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi...» (Baqara surasi, 286-oyat) deyiladi. Demak, Alloh taoloning marhamati va hikmati bilan ro‘za ibodati ham qudrati yetgan kishilargagina farz qilindi.
Agar bir kishi xastaligining kuchayishi yoki cho‘zilishidan qo‘rqsa, safarda bo‘lsa, homilador yoki emizikli ayol go‘dagiga ziyon yetishidan xavotirda bo‘lsa yoki bir kishi tabarruk yoshga yetgan bo‘lib, u holdan toysa va ro‘za tutishga qurbi yetmasa, bunday kishilar ro‘za tutmasliklari joizdir.
Ular ro‘za tutishga mone bo‘lgan sabablar ketganidan so‘ng qoldirgan kunlarining qazosini tutadilar. Keksa otaxon va onaxonlarimiz tuzalmas kasallik sababidan ro‘za tuta olmasalar, har kungi ro‘za uchun bir miskin taomi miqdorida fidya beradilar.
Bu yilgi fidya miqdori doimiy uzr bilan ro‘za tutolmaydigan kishilar uchun bir och odamning bir kunlik oziq-ovqati barobarida bo‘lib, o‘rtacha 12 000 (o‘n ikki ming) so‘m deb belgilandi.
«Fidya» so‘zining lug‘aviy ma’nosi «fido qilish»dir. Shariatda esa ma’lum bir narsaning o‘rniga mol sarflashga fidya berish deyiladi. Qarilik tufayli ro‘za tuta olmaydiganlar uchun fidya berishning joriy qilinishi bejiz emas. Unda miskinlarning manfaati bilan birga, ro‘za tuta olmagan kishilarning ibodatni ado eta olmaganlari uchun afsus-nadomatlarini yengillatish bor.
Ro‘zaning inson sog‘lig‘iga foydalari juda ko‘p ekan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari «Hadis va hayot» silsilasining 9-juzida ro‘zaning sog‘liq uchun 30 ga yaqin foydasini sanab o‘tgan. Bugungi zavonaviy tibbiyotda ham ochlik bilan davolash keng tarqalayapti.
Boshimdan kechirgan bir holatni aytib o‘tay. Yoshim 76 da. Avvallari ekzema kasalligidan aziyat chekar edim. Tajribamdan o‘tkazib shuni bildimki, barcha kasaliklar noto‘g‘ri ovqatlanishdan kelib chiqar ekan. Ro‘za esa toat-ibodat qilish bilan birga, kishiga tartibni ham o‘rgatar ekan. Muntazam ravishda ramazon oyi ro‘zasi hamda nafl ro‘zalarni tutib yurganim uchun, shukurki, bugun menga ekzema kasalligi begona.
Ro‘zaning kuchli ruhiy beqarorlikni, masalan, aqliy toliqish kabi iztirobni davolovchi ulkan qudrati ham bor. Bunda ro‘za bosh miyaga hamda miya hujayralariga dam beradi va ayni shu vaqtda tana hujayralarini zararli moddalardan tozalashga kirishadi.
Ro‘za turli musibat, qiyinchiliklarga sabr qilishda hamda tushkunliklarga qarshi turishda yordam beradi. Shuningdek, ro‘za uyquni yaxshilab, ruhiy holatni to‘g‘ri yo‘naltiradi. Qondagi zararli moddalar chiqarib tashlangach, bosh miya hujayralari tozalanadi. Natijada miya tafakkur qilishga ko‘proq kuch topadi.
Demak, uzoq umr ko‘rish, sog‘lom bo‘lishning yagona va zararsiz manbai ro‘za ekan. Bunga 76 yil davomida ko‘p marta amin bo‘ldim. Tajribamdan o‘tkazganlarimni oyat va hadislar asosida tumanimizning markaziy masjidi – «Gadoy Serkun» jome masjidida imom noibi hamda qishlog‘imizdagi «Izomiddin mudarris» jome masjidida imom-xatib sifatida faoliyat yuritgan davrimda mo‘min-musulmonlarga aytib berardim.
Nasriddin Nizomov
Navoiy viloyati Xatirchi tumani
Sangijumon qishlog‘i
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter