Kelishuvni kim buzdi: Ukrainami, Rossiyami?

Ukraina tashqi ishlar vazirining Yevropa integratsiyasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Yelena Zerkal Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi Do‘stlik haqidagi kelishuvni to‘xtatish zarur deb hisoblaydi. Bu haqda Rossiyaning «TASS» axborot agentligi xabar bermoqda.
«Biz shu yilning oktyabr oyiga qadar o‘z pozitsiyamizni aniqlab olishimiz lozim. Mening fikrimcha, ushbu kelishuvni davom ettira olmaymiz», — deya bayonot bergan u 28 mart kuni «NV» radiosiga. Zerkalning fikricha, Rossiya Qrimda prezident saylovini o‘tkazish orqali ushbu kelishuvni qo‘pol ravishda buzdi.
Avvalroq Ukraina tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Maryana Betsa vazirlik Rossiya bilan tuzilgan Do‘stlik, hamkorlik va sherikchilik haqidagi kelishuvni to‘xtatish borasida bir nechta variantni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan edi. Ular orasida kelishuvni to‘liq yoki qisman tugatish masalasi ham bor. «Yakuniy qarorni mamlakat prezidenti qabul qiladi», — degan Maryana Betsa.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi Do‘stlik, hamkorlik va sherikchilik haqidagi kelishuv 1997 yilda tuzilgan. Kelishuvga muvofiq ikkala mamlakat ham hamkor davlatning fuqarolariga xuddi o‘z fuqarolariga berilganidek huquq va erkinliklar berilishini kafolatlaydi, milliy qonunchilikda va mamlakatning xalqaro shartnomalarida ko‘zda tutilgan cheklovlar bundan mustasno.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter