Koreyalik bojxonachilar O‘zbekistondan 6 bosh xizmat itini xarid qiladi

Bojxona qo‘mitasi delegatsiyasining 2023 yili Koreya Respublikasiga safari doirasida kinologiya sohasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. 2023-2024 yillar davomida esa hamkorlik doirasida Koreya bojxona xizmati vakillari O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazidan jami 6 bosh «labrador» zotiga mansub itlarni xarid qilishgan edi.
Joriy yilning 17-19 iyun kunlari Milliy kinologiya markazida Koreya bojxona xizmatining Kinologiya sohasi mutaxassislari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mehmonlar yana 6 bosh «labrador» zotiga mansub xizmat itlarini sotib olishi bo‘yicha shartnomani imzoladi.
Tadbirda koreyalik mutaxassislar xizmat itlarining amaliy ko‘nikmalari, ularning jismoniy holati, ishchanlik qobiliyati, diqqatni jamlash va qidiruvga bo‘lgan qiziqishlarini birma-bir o‘rganishgan. Ayniqsa, itlarning giyohvand moddalarni aniqlash qobiliyatiga alohida e’tibor qaratilib, markazning aeroport imitatsiya zalida bagajlar ichidan qidirish ko‘nikmalari tekshirilgan.
Shuningdek, mehmonlarga markazning zamonaviy ixtisoslashtirilgan mashg‘ulot maydonlari, o‘quv xonalari, veterinariya klinikasi va it bolalari uchun tug‘ruq kompleksi ham tanishtirildi hamda bu kabi zamonaviy yondashuvlar koreyalik mutaxassislarga o‘zgacha qiziqish uyg‘otdi.
Manba: t.me
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter