Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Koronavirus pandemiyasi hali tugagani yo‘q» – YeI O‘zbekistonga bolalar uchun vaksina tuhfa qildi

«Koronavirus pandemiyasi hali tugagani yo‘q» – YeI O‘zbekistonga bolalar uchun vaksina tuhfa qildi

SOVAX dasturi doirasida O‘zbekistonga ilk bor bolalar uchun COVID-19ga qarshi 201 600 dona Pfizer vaksinasi keltirildi.

Yevropa Ittifoqi va Shvetsiya hukumati tomonidan beg‘araz taqdim etilgan vaksinalar O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligining 5-11 yoshli bolalarni emlash va mamlakatda koranavirusning yangi shtammlari tarqalishining oldini olish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

«Pandemiya hali ham tugagani yo‘q, u global xarakterga ega. Hamma xavfsiz bo‘lmaguncha, biz xavfsiz bo‘lmaymiz. Emlash esa xavfsizlikni ta’minlashning eng samarali usullaridan biri bo‘lib qolmoqda. Shvetsiyadan yetkazilgan mazkur yuk innovatsion hisoblanadi, chunki O‘zbekistonda ilk bor 5 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun emlanish imkoniyati yaratilmoqda. Bu – global vaksinalar birdamligi dasturi doirasidagi Yevropa Ittifoqi qo‘shgan hissasidir. Team Europe jahon bo‘ylab COVID-19ga qarshi vaksinalar bilan barchani adolatli va teng ta’minlashga qaratilgan COVAX dasturining yetakchi ishtirokchilaridan biri bo‘lib qolmoqda», – deydi YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian.

Koronavirusning yangi ko‘rinishlari paydo bo‘lishi va uning bolalarda o‘ziga xos tarzda kechishini inobatga olgan holda, mutaxassislar bolalarni ushbu infeksiyaga qarshi emlashni tavsiya etmoqdalar. AQSh, Kanada, Xitoy, Isroil hamda Yevropa va Lotin Amerikasi davlatlarida bolalarni koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash faol ravishda amalga oshirilmoqda.

Bugunga qadar O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVAX (COVID-19 vaksinasidan dunyo miqyosida teng foydalanishga qaratilgan xalqaro tashabbus) dasturi doirasida jami 21,2 million doza (AstraZeneca  – 2,15 million, Moderna – 10,68 million, Pfizer – 6,62 million, Sinovac –   1,77 million) vaksina qabul qildi.

Vaksina yetkazish dasturida YeI mamlakatlari faol qatnashmoqda. Jumladan, o‘tgan yil avgust oyida COVAX dasturi doirasida O‘zbekistonga Fransiyadan 276 480 doza AstraZeneca vaksinasi olib kelingan edi.

Germaniya hukumati esa O‘zbekistonga koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash doirasida 2 million yevro ko‘mak va yuz minglab vaksina taqdim etgan.

Avval xabar berganimizdek, rasmiy Berlin dunyo davlatlarini «vaksina millatchiligi»dan voz kechib, bag‘rikenglik va saxovat yo‘lini tutishga da’vat etmoqda.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring