Ko‘z xiralashishi, yurak sohasidagi og‘riqlar qanday kasallik alomati ekani aytildi
Bugun jismoniy faollikning susayishi, kamharakatlik dunyo aholisi orasida jiddiy muammoga aylangan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, har yili Yer yuzida kamharakatlikdan 5 milliondan ortiq odam hayotdan ko‘z yumadi. Qolaversa, kun davomida ofisda o‘tirib ishlash va jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanmaslik organizmda turli kasalliklarning rivojlanishiga zamin yaratadi. Ulardan biri bo‘yin osteoxondrozidir.
— Ushbu xastalik bugun dunyoda eng ko‘p tarqalgan kasalliklardan biri, — deydi oliy toifali shifokor Ra’no Nosirova. — Osteoxondroz umurtqalar, ularning tog‘aysimon disklari va boylamlarini degenerativ-distrofik o‘zgarishlari bo‘lib, joylashuviga ko‘ra bo‘yin, ko‘krak va bel-chanoq turlari farqlanadi.
Bo‘yin osteoxondrozi, asosan, 35 yoshdan oshgan insonlarda kuzatiladi. Bilamizki, bo‘yin umurtqa pog‘onasining eng harakatchan qismi. Undan bir qancha asab tomirlari va umurtqa arteriyasi o‘tadi. Uning vazifasi orqa miya qon tomirlari va uzunchoq miyani qon bilan ta’minlashdan iborat.
Agar osteoxondroz sababli umurtqa arteriyasi bosilsa, bemorda bel va bosh miya ishemiyasi kuzatilishi ehtimoli bor. Shu sababli ushbu kasallikka e’tiborsiz bo‘lish yaramaydi.
Bo‘yin osteoxondrozi bor insonda bosh sohasida kuchli va davomli og‘riq, bosh aylanishi, ko‘z xiralashishi, qo‘l barmoqlarida sanchiqlar, stenokardiyaga o‘xshash, ammo bir necha soat davom etadigan yurak sohasidagi og‘riqlar, eshitish qobiliyatining pasayishi, tilning karaxt bo‘lishi, holsizlik, hansirash, arterial qon bosimining o‘ynashi kabi belgilar kuzatilishi mumkin. Mazkur simptomlar arteriyaning shikastlanganidan dalolat beradi.
Bu kasallikni uy sharoitida davolash salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu sababli undan xalos bo‘lish uchun shifokorga murojaat qilish lozim. Xastalik erta aniqlanganda bemorning sog‘ayishi tezroq kechadi.
Ko‘pgina hollarda osteoxondrozni davolash konservativ usullar yordamida amalga oshiriladi. Shifokor tomonidan dori-darmonlar, kerakli mashqlar terapiyasi va boshqa usullarni o‘z ichiga olgan davolash turlari buyuriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter