Mahalla vazirligi o‘g‘rilikni «xaspo‘shlayman» deb boshqa qonunsizliklarni ochib qo‘ydi...mi?
Oqqo‘rg‘on tumani hokimining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M.A. va tuman «Mahalla» xayriya jamoat fondi hisobchisi B.N.lar oldindan o‘zaro til biriktirib, tumandagi ehtiyojmand oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Mahalla» xayriya jamoat fondiga hamda 2020-yilda «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasiga kelib tushgan mablag‘larni turli yo‘llar bilan naqdlashtirib, jami 109,2 mln. so‘m pullarni o‘zlashtirishgani haqda xabar berilgandi.
Mazkur holat yuzasidan 16-may kuni Bosh prokuratura Departamentining viloyat boshqarmasi tomonidan JKning 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining mazkur holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.
Rasmiy munosabatda (ko‘proq «oqlov»ga o‘xshaydi) shunday deyiladi:
«... Jamg‘armaga kelib tushgan xayriya mablag‘larining sarflanishiga doir tegishli hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayonida aniqlanishicha, xalq deputatlari Oqqo‘rg‘on tumani kengashining 2020 yil 27 apreldagi VI/VII-II-sonli Qarorining 5-bandiga ko‘ra, Oqqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i M.A.ga jamg‘armada shakllangan mablag‘lardan maqsadli foydalanish uchun tumandagi dehqon bozorlaridan oziq-ovqat mahsulotlarini ulgurji bozor narxlarida xarid qilish uchun jamg‘armaning bankdagi hisob raqamidagi mablag‘larni naqd pul ko‘rinishida olishga ruxsat berilishi belgilangan.
Shuningdek, tuman kengashi qarorining 6-bandida OATB «Mikrokreditbank» Oqqo‘rg‘on tumani filiali boshqaruvchisi A.X.ga jamg‘armada shakllangan mablag‘lardan maqsadli foydalanish yuzasidan tumandagi dehqon bozorlaridan oziq-ovqat mahsulotlarini ulgurji bozor narxlarida xarid qilish uchun jamg‘armaning bankdagi hisob raqamidagi pul mablag‘larini naqd pul ko‘rinishida taqdim qilishni ta’minlash vazifasi yuklatilgan.
O‘rganish jarayonida xabarlarda tilgan olingan, muqaddam fondning Oqqo‘rg‘on tumani bo‘linmasi katta buxgalteri lavozimida ishlagan fuqaro – B.N. «Mahalla» fondi Toshkent viloyati bo‘limining 2020-yil 3-yanvardagi 01-k-sonli buyrug‘iga asosan lavozimidan ozod etilganligi aniqlangan.
Oqqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i M.A. muqaddam Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tumani kengashi raisining birinchi o‘rinbosari – «Mahalla» fondining tumani bo‘linmasi raisi lavozimida ishlagan.
Ammo shu vaqtga qadar OATB «Mikrokreditbank» Oqqo‘rg‘on filiali mutasaddilari tomonidan M.A. va B.N.larning to‘lov topshiriqnomasiga imzo qo‘yish huquqini bekor qilish yoki imzo uchun band solish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar olib borilmagan. Buning natijasida «Mahalla» fondining Oqqo‘rg‘on tumani bo‘linmasi huzuridagi «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasiga kelib tushgan homiylik va xayriya mablag‘larining muayyan qismi maqsadsiz sarf etilishiga yo‘l qo‘yilgan. Yetkazilgan moddiy zarar M.A. tomonidan to‘liq qoplangan».
Vazirlikning aslida juda og‘riqli masalaga (muhtojlarga berilishi kerak bo‘lgan homiylik va xayriya mablag‘larining o‘zlashtirilishi haqida ketyapti gap) bunday munosabati ijtimoiy tarmoqlarda yana muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Bank-moliya sohasida ekspert, bloger Otabek Bakirov Mahalla vazirligi yuz bergan o‘g‘rilikni «xaspo‘shlayman» deya bayonot berib, yana boshqa qonunsizliklarni ochib qo‘yganini qayd etdi:
«Bayonot matnidan anglashilinicha, «Mahalla» fondining Oqqo‘rg‘on tumani bo‘linmasi bosh buxgalteri shu yilning boshidayoq ishdan bo‘shab ketgan ekanmush (ishdan bo‘shash sanasi va raqamiga e’tibor bering, yilning birinchi ish kunidayoq buxgalter bo‘shatilganmush). Jamg‘arma hisobvarag‘idan naqd pullarni bervorgan «Mikrokreditbank» Oqqo‘rg‘on filiali imzolar namunasini vaqtida yangilamaganmush.
Birinchisi, bank mijozlarida 1- va 2- imzo qo‘yish huquqiga ega shaxslar almashganida bu haqda mijozning o‘zi xizmat ko‘rsatuvchi bankka xabar berishi kerak.
Ikkinchidan, yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlaridan ish haqi, xizmat safari kabi maqsadlardan bo‘lak naqd pul mablag‘lari berilmaydi.
Fond hisobvarag‘idan naqd pul berish bo‘yicha qaror chiqarib bergan (balki ort sana bilan) Oqqo‘rg‘on tumani kengashi qarorining o‘zi noqonuniy.
Mahalla vazirligi yuz bergan o‘g‘rilikni «xaspo‘shlayman» deya bayonot berib, yana boshqa qonunsizliklarni ochib qo‘ygan.
Bayonotda yana boshqa qovunlar ham borki, bu haqda hozircha indamay turamiz. Yangi va yangi to‘qimalarni kutaylik-chi... Qonunsizlik ustida qonunsizlik», — deya izohlagan bloger.
Qo‘shimcha sifatida faqat eslatib o‘tishimiz mumkin: mahalla tizimiga bog‘liq bunday rasmiy munosabatlar vazirlik tashkil etilmasidan avval ham uchrab turardi. Mana bittasi. Maqom o‘zgargani bilan ish tutumi o‘sha-o‘shaligicha qolganidan bir dalolatmi bu?
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter