Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Maqtanganning misi chiqdi» yoki ko‘za singan kun

«Maqtanganning misi chiqdi» yoki ko‘za singan kun

Foto: «Xabar.uz»

Joriy yilning 30-sentyabrida Toshkent shahar, Mirobod tumanida yashovchi fuqaro B.B. tomonidan hech qanaqa rasman ishlamagan turmush o‘rtog‘i — B.F.ning hujjat soxtakorligi bilan shug‘ullanib, katta miqdordagi pensiya olib kelayotganligi haqidagi ma’lumotlar bayon qilingan yozma murojaati Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga kelib tushgan. Bu haqda jamg‘arma matbuot xizmati «Xabar.uz»ga  xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Ijro etuvchi apparat xodimlari tomonidan mazkur murojaat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonuni 19-moddasida belgilab qo‘yilgan talablaridan kelib chiqqan holda, axborotning davlat organlari, tashkilotlar xodimlari va ular mansabdor shaxslari tomonidan oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ariza muallifiga tegishli javob xati yo‘llangan.

Ammo, B.F.ning yoshga doir pensiya ishi Ijro etuvchi apparatning malakali mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi. Aniqlanishicha, haqiqatdan ham fuqaro B.F.ga 2008-yilning 7-avgustidan e’tiboran, taqdim qilgan hujjatlariga asosan 35 yillik ish staji hisobidan yoshga doir pensiya tayinlangan bo‘lib, uning pensiya miqdori 2019-yilning 1-avgustidan 1,1 mln. so‘mni tashkil qilgan.

Fuqaro B.F.ning taqdim qilgan pensiya hujjatlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati Yozyovon tuman davlat arxivida saqlanayotgan Farg‘ona viloyati «Qishloqxo‘jalikkimyo» AJning 1975-1993-yillardagi ish stajlari hamda uning mazkur korxonadan 1982-1986-yillarda to‘langan oylik ish haqlari to‘g‘risidagi ma’lumotlari, shuningdek, 1993-2004-yillardagi mehnat faoliyati davrlari Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi «SUNUR SERVIS» MChJ saqlovidagi buyruqlar kitobi hamda oylik maoshlar kitobidan solishtirib o‘rganildi.

Fuqaro B.F.ning ism-sharifi hamda unga tegishli ma’lumotlar ham o‘z tasdig‘ini topmaganligi natijasida, fuqaroga 71,9 mln. so‘m miqdoridagi pensiya to‘lovi amaldagi qonunchilikka zid ravishda to‘langanligi aniqlandi hamda yoshga doir pensiya ishi o‘rganish kunida rad etildi.

Hozirgi kunda, fuqaro B.F. tomonidan o‘zlashtirilgan 71,9 mln. so‘mdan 32,1 mln. so‘mi Jamg‘arma hisobiga fuqaro tomonidan ixtiyoriy ravishda qaytarilgan bo‘lib, o‘tkazilgan o‘rganishlar yuzasidan to‘plangan tekshirish materiallari va hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish idoralariga taqdim qilingan.

«Shuning uchun qonun bilan qo‘riqlanadigan davlat va Jamg‘arma mablag‘larini o‘z manfaatlari yo‘lida o‘zlashtirib maqtanishdan hech qanday ma’no yo‘q. Chunki, fuqaro B.F.ga o‘xshab o‘zganing mulkini o‘marib, hech kim baraka topmagan va ular oltin deb maqtangan matoh aslida mis bo‘lib chiqishi mumkin. O‘zbek xalqida ming yillar davomida sinalgan bir naql bor «Ko‘za kunda emas, kunida sinadi». B.F.ning 2008-yildan buyon sinmasdan kelayotgan ko‘zasi va nihoyat bugungi kunga kelib sindi...», deyiladi jamg‘arma matbuot xizmati xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring