«Mavsum» boshlandi: ketmon dastalari ortiga yashirilgan pirotexnika vositalari (foto)
Yangi yilning kirib kelishiga salkam 3 oy vaqt bo‘lsa-da, hozirdanoq pirotexnika vositalarini yashirin yo‘llar bilan olib kirishga urinishlar kuzatilmoqda. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tezkor tuzilmalari tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda oldindan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi «Isuzu» yuk mashinasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Mashina yukxonasidagi ketmon dastalari ortiga qog‘oz qutilarda 5 turdagi 77 ming 272 dona pirotexnika vositasi yashirib qo‘yilgan ekan.
Xomcho‘t qilinishicha, xorijda ishlab chiqarilgan, ammo sifatini va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan mazkur salyut va petardalarning jami qiymati 433 million so‘mni tashkil qilgan.
Mashinaga ketmondasta va petardalardan tashqari muqaddam noqonuniy ravishda olib kirilgan 28 ming 640 dona lekoplastir va termometrlar, 41 ming 488 dona shaxsiy gigiyena va parfyumeriya vositalari ham yuklangani aniqlandi.
Birgina shu holatda to‘xtatib qolingan tovarlarning umumiy qiymati salkam 696 million so‘m etib baholangan. Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun: Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi turli idoralar bilan hamkorlikda aniqlangan 27 ta qonunbuzilish holatlarida qiymati 652 million 80 ming so‘mlik 109 ming 168 dona pirotexnika vositalarining noqonuniy olib o‘tilishining oldi olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter