May oyida kutilayotgan ob-havo ma’lumoti taqdim etildi
Bu yil may oyi qanday bo‘lishi kutilmoqda? Gidrometeorologiya xizmati bu haqda ma’lumot berib o‘tdi.
1-2-may kunlari respublikaning barcha viloyatlarida, 3-mayda hududning katta qismida quruq va iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, havo harorati kunduzi 26-29 daraja, ba’zi joylarda 30-32 darajagacha bo‘ladi.
3-mayda respublikaning janubi-g‘arbida, 4-5 mayda kunlari ko‘pchilik viloyatlarda, 6-mayda sharqiy hududlarda yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Yomg‘ir paytida harorat 20-25 darajagacha pasayadi.
May oyi birinchi o‘n kunligining oxirida, shuningdek, ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda havo harorati 23-28 darajadan 30-35 darajagacha, ba’zi joylarda 38 darajagacha o‘zgarib turadi.
Ushbu davrning ayrim kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘adi, ba’zi joylarda jala xususiyatli mahalliy yomg‘irlar yog‘adi. Hatto bitta shahar ichida ham may yomg‘iri bir joyda kuchli yog‘ishi va boshqa joyda esa deyarli yog‘masligi mumkin.
Ayniqsa tog‘ oldi va tog‘li hududlarda kuchli jala yomg‘irlar yog‘ishi juda xavflidir. Ular sel kabi dahshatli tabiiy hodisaning shakllanishiga olib kelishi mumkin. Sel-suv toshqin hodisalari haqida o‘z vaqtida ogohlantirish masalasi O‘zgidrometning asosiy vazifalaridan biridir. Bunday ogohlantirishlardan to‘g‘ri foydalanish moddiy zararni kamaytirishga va inson qurbonlarini oldini olishga yordam beradi.
Iqlim xususiyatlariga ko‘ra (ko‘p yillik davr uchun o‘rtacha ko‘rsatkichlar) may oyi odatda aprel oyiga nisbatan o‘rtacha 4-6 darajaga iliqroq bo‘ladi.
Hududning katta qismida o‘rtacha kunduzgi harorat oyning birinchi yarmida 24-27 daraja, ikkinchi yarmida esa 28-31 darajani tashkil etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter