Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mirziyoyev minglab xonadonlarni isituvchi qozonxonani ko‘zdan kechirdi

Mirziyoyev minglab xonadonlarni isituvchi qozonxonani ko‘zdan kechirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Ayni kunlarda yurtimizning barcha hududlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari ketmoqda. Kommunal tarmoqlar qayta ko‘rib chiqilib, issiqlik korxonalari modernizatsiya qilinmoqda.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifi davomida viloyat «Issiqlik manbai» davlat unitar korxonasining Qarshi shahrida yangidan bunyod etilgan markaziy qozonxonasini borib ko‘rdi.

Ushbu majmua 12 Gkal quvvatga ega. Bu yerga Turkiyadan keltirilgan 14 MVtli uchta qozon o‘rnatildi. Buning evaziga yiliga 1,7 million kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish imkoniyati yaratildi.

Markaz qurilishi jarayonida hududga olti kilometr qoplamali quvur tortildi. Issiqlik tarmoqlari yopiq tizimga o‘tkazildi va yo‘qotishlardan himoya qilindi.

Ushbu majmuaning foydalanishga topshirilishi 38 ta ko‘p qavatli uydagi bir yarim mingdan ziyod xonadon hamda uchta ijtimoiy ob’yektni issiq suv va issiqlik bilan ta’minlaydi.

Prezident mutasaddilarga qishga tayyorgarlik ishlarini sifatli bajarib, energiya va issiqlik ta’minoti barqaror qilish, energiya tejamkorlik madaniyatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu majmua joylashgan Navo mahallasini ham ko‘zdan kechirib o‘tdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring