Mojaroli buzilishlarga barham berish maqsadida takliflar ishlab chiqilmoqda
«Yuksalish» umummilliy harakati raisi Akmal Burhonov uy va inshootlar buzilishi kabi holatlarga munosabat bildirib, «fuqarolar va hokimiyat vakillarining ochiq konfrontatsiyasidan» tashvishda ekanini bayon etdi.
«Shahar va tumanlar, qishloqlar va mahallalarni obodonlashtirish, infrastrukturasini yaxshilash aholining turmush darajasini yaxshilashga qaratilishi, umuman olganda, davlat va mahalliy budjetlarning katta qismi ijtimoiy sohaga ajratilayotganligi pozitiv jarayon deb hisoblayman», — deydi harakat rahbari. — «Shu bilan birgalikda, hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlarini ijro etishga mas’ul alohida mahalliy boshqaruv organlarining tartibsiz harakatlari, shu jumladan qonunda belgilangan tartiblarga zid ravishda ogohlantirishlarsiz, kompensatsiyalarni to‘liq to‘lamasadan, bir so‘z bilan aytganda, uy egalari va tadbirkorlarning roziligini olmasdan xususiy yer uchastkalarining davlat hamda jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi holatlarini kuzatyapmiz».
Akmal Burhonovning qayd etishicha, qator ziddiyatli vaziyatlar, ayniqsa, so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng rezonans uyg‘otgan Yakkabog‘dagi ikki holat, Rishton, Yangiyo‘l tumanlari va Urganch shahridagi fuqarolar va hokimiyat vakillarining ochiq konfrontatsiyasi kabi holatlar tashvish tug‘dirmoqda.
Mahalliy hokimiyat organlari tomonidan doimiy tarzda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, jumladan:
- Qisqa davr ichida bir hokimning ruxsati bilan qurilgan inshootlarning boshqa bir hokimning qarori bilan buzilishi;
- Ob’yektlarning buzilishi haqida qonuniy ogohlantirish berilmasligi;
- Tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan ob’yektlarning buzilishi;
- Fuqarolarning roziligisiz boshqa turar joylarga majburiy ko‘chirilishi;
- Buzilayotgan uylar uchun kompensatsiya pullarining vaqtida berilmayotganligi yoki uning miqdorlari sezilarli darajada kamligi;
- Hokimiyat vakillarining uy-joy egalari bilan qo‘pol munosabatda bo‘lishi, elementar muloqot madaniyatining yo‘qligi va boshqa ko‘plab muammolarning guvohi bo‘linyapti.
Shu sababli, «Yuksalish» umummilliy harakati bu kabi holatlarga barham berishga yo‘naltirilgan tizimni yaratish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqmoqda:
- Hududlarni uzoq yillik strategik rivojlantirish rejalari, bosh planlarini ishlab chiqish;
- yer uchastkalarining davlat hamda jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi jarayonlarining ochiq va shaffofligini ta’minlash, ushbu jarayonlarda aholi ishtirokini kengaytirish;
- hududlarni rivojlantirish loyihalari va dasturlarini aholi ishtirokida prezentatsiyalari va muhokamalarini tashkil etish;
- ushbu masala bilan bog‘liq qonunchilik ijrosi yuzasidan parlament va deputatlik nazoratini kuchaytirish;
- tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan inshootlarni buzishga moratoriy e’lon qilish;
- mahalliy hokimiyat organlari ish samaradorligini baholash aholining ishonchi va roziligi asosida amalga oshirilishi bo‘yicha tartibni joriy qilish.
Shu maqsadda, «Yuksalish» umummilliy harakati muammoga aloqador barcha tomonlar, fuqarolar, mahalliy hokimiyat organlari, jamoat tashkilotlari va jamoatchilik kengashlari, quruvchi tashkilotlar, deputatlar, shuningdek xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida muhokamalarni tashkil qilishni rejalashtirmoqda.
«Sizdan ham mazkur masala yuzasidan o‘z taklif va mulohazalaringizni info@yumh.uz manziliga yuborishingizni yoki @yuksalishuzb_bot orqali izoh (komment) qoldirishingizni so‘raymiz», deyiladi harakat rahbari Akmal Burhonov nomidan tarqatilgan rasmiy bayonotda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter