Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Monopoliya qo‘mitasi rasmiysi «shakar ajiotaji»ga izoh berdi

Monopoliya qo‘mitasi rasmiysi «shakar ajiotaji»ga izoh berdi

Foto: AOKA

Oxirgi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda shakar narxi bilan bog‘liq turli videolar tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Davlatov shakar narxiga oid savolga javob qaytardi.

Qo‘mita vakilining ta’kidlashicha, jahonda kuzatilayotgan geosiyosiy vaziyat sabab logistika xizmatlari narxlari oshishi shakar narxiga ham ta’sir qilmoqda.

«Haqiqatan bugungi kunda shakar mahsulotiga bo‘lgan talab kuchayib, har xil ajiotaj holatlar kelib chiqyapti, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinyapti.

Hozirgi paytda kuniga 2 ming tonna shakar birja savdolariga qo‘yilmoqda. 1-9 iyun kunlari 14 ming tonna shakar birjaga qo‘yilgan bo‘lsa, hammasi yuz foiz sotildi. Birjaga 8 ming 900 so‘mdan chiqarilgan bo‘lsa, narxlar 13 ming so‘mgacha ko‘tarildi.

Mamlakatimizda shakar ishlab chiqaruvchi ikkita zavod mavjud bo‘lib, monopolist korxonalar reyestriga kiritilgan. Ular belgilaydigan narxlar qo‘mita tomonidan nazorat qilib boriladi. Boshlang‘ich narxlar va unga ta’sir etuvchi omillar ham doimiy ravishda o‘rganiladi.

Bugungi kunda jahonda bo‘layotgan geosiyosiy vaziyat sabab logistika xizmatlari narxlari keskin oshib ketdi. O‘zbekistonga shakar xom ashyosi Braziliyadan olib kelinadi. Kema va temir yo‘l xizmatlari, boshqa davlatlardagi xarajatlar keskin ko‘tarilishi natijasida bizda shakar narxlari 8-10 foizga yuqoriladi. Yil boshida birjaga 8 ming 200 so‘mdan qo‘yilgan bo‘lsa, hozirda 8 ming 900 so‘mdan chiqarilyapti», — deydi u.

Uning qayd etishicha, aholining shakarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va narxni barqarorlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritilgan.

«Hozirgi kunda shakar narxlarining sun’iy oshirish holatlari ham kuzatilmoqda. Bu bo‘yicha Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda chora-tadbirlar o‘tkazilyapti», — qo‘shimcha qilgan Ulug‘bek Davlatov.

Avvalroq bozorlarda shakar narxi oshgani xabar qilingandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring