Mo‘’tadil islom, radikalizm va boshqa mulohazalar...

XXI asr sharoitida har bir terakt ortidan musulmonlarni «Facebook» yoki «Twitter»ga kirib, teraktni yomonlashga va uning islomga aloqasi yo‘qligini isbotlashga shay holda ko‘rishimiz oddiy holga aylanib qoldi. Alloh saqlasinu, ammo o‘zining g‘arazli maqsadlari uchun vahshiylikdan tap tortmagan, ruhan nosog‘lom odamlar qilgan xunrezliklar uchun kechirim so‘rash musulmonlikning «shartlaridan biridek» go‘yo.
Aslini olganda har qanday sog‘lom fikrli inson yaxshi tushunadi – islom dini markazida mo‘’tadillik g‘oyasi yotadi va unga ergashish insoniyatni hech qachon zalolatga boshlamaydi. Ammo «mo‘’tadil» tushunchasini hamma har xil tushunadigan ko‘rinadi. Kimlar uchundir mo‘’tadillik taassubga ketmaslik bo‘lsa, kimlar uchundir mo‘’tadillik masjidga kelmaslik ekan.
Nima ham derdik, hammaning dunyoqarashi har xil. Mo‘’tadillikka bo‘lgan o‘zgacha munosabatni muslimalar boshi va bo‘ynini to‘sib o‘raydigan ikki enlik matoga qilinayotgan muomala yoki Qur’onga muhabbat qo‘yib, mo‘’tadil islomni tutgan dindorlarga beriladigan g‘alati-g‘alati savollarda ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Chunki hozirgi kunga kelib, odamlarning fikricha, dindor bo‘lish jamiyatga qo‘shilishga, ilmiy yutuqlarga erishishga, xalq manfaati uchun xizmat qilishga katta to‘siqdek go‘yo. Masalan, omadli biznesmenning, kuchli shifokor yoki biolog olimning dindor bo‘lishi jamiyatda katta hayrat bilan kutib olinadi. «Yo‘g‘-ye? Qanaqasiga? Iya, siz hali namozam o‘qiysizmi?».
Endi odamni o‘ylantiradigan asosiy savol quyidagicha: jamiyatda paydo bo‘lgan bunday standartlarning bosh sababchisi kim? Menimcha, «albatta bosh sababchi dindorlarning o‘zi» desangiz kerak. Chunki «radikallashib ketadiganlarning hammasi dindorlar-da» degan fikr bor xayolimizda. Ammo, keling, markaziy telekanalimizda ogohligimiz uchun muntazam ko‘rsatib turiladigan, chet ellardagi jinoiy guruhlarga qo‘shilib, keyinchalik qo‘lga tushgan «terrorchi mutaassiblarni» bir yodga olaylik.
Yaxshilab e’tibor bersangiz, kamera qarshisida o‘zini xokisor tutib, «xalqimdan, prezidentimdan kechirim so‘rayman» deb o‘tirgan ana shu radikallarning aksari avval umuman dinni bilmagan odamlar. Tarixini eshitsangiz, diniy ilm olaman deb «yomon niyatli odamlar ta’siriga tushib qolgan» yoki pul va’da qilishgani uchun shu yo‘lga kirgan bo‘ladi. Avval ilmsiz bo‘lganlari mo‘’tadil islomni qidirib, uni topa olmay, oxiri beg‘araz yordamini ayamaydigan radikallarning o‘ljasiga aylangan bo‘ladi. Men albatta «radikal» va «islom» so‘zlarini yonma-yon qo‘llaganim uchun musulmonlardan uzr so‘rayman.
Aslida radikal tushunchasi chegara bilmaydi. Bunga misol, «Otamdan qolgan dalalar» filmida jahli chiqqan ayolning Stalinning suratini oyna-poynasi bilan sindirib tashlaganini ko‘rib qo‘shnisi shaytonlab qoladi, esingizdami? Ana shu, masalan, shovinistik radikalizmga bir misol. Ya’ni radikalizmning aynan islom yoki dindor musulmonlar bilan o‘lchanishi noto‘g‘ri. Sababi, islom to‘laligicha mo‘’tadillikka asoslangan, buning kichik bir isbotini payg‘ambar Muhammad alayhissalomning «o‘rta yo‘lni tutinglar, taassubga ketmanglar» degan ma’nodagi so‘zlarida ham ko‘rish mumkin!
Boya aytganimdek, mo‘’tadil islom degan tushuncha aksariyat xalq uchun o‘zgacha bir yo‘sinda shakllanib qoldi. Ba’zilar uchun mo‘’tadil islom – chaqaloqning qulog‘iga azon aytish, «3, 7, 20, 40»larga borish, o‘lganda janoza o‘qish, nechadir yuz qadam bosib ziyoratgohlarga chiqib, yig‘lab farzand so‘rash va boshqa ikki-uch xil marosimdangina iborat, xolos. Biroq ota-ona farzandiga mo‘’tadil islomni ikki-uch xil marosimdan iborat deb uqtirgan taqdirda ham musulmon odam degani fitratiga qarab vaqti-vaqti bilan o‘zini so‘roqqa tutib turadi. Bu narsa biz xohlasak ham, xohlamasak ham yuz beradi. Ayniqsa, hozirgi globalizatsiya zamonida yon-atrofga nazar solish, turfa xil odamlar, dinlar, madaniyatlarni kuzatish imkoniyati paydo bo‘lgach, har qanday odamda yoshligidan boshlab, aqli kirib hayot mazmunini tushunib yetguncha turli savollar paydo bo‘laveradi.
«Nega u unday, nega bu bunday? Nega u unaqa, nega bu bunaqa?». Savollar hammada har xil, lekin savollar tug‘ilavergach, ota-onasi chiroyli o‘zbekona tarbiya bergan farzand o‘z-o‘zidan diniy ilm olishga qiziqadi. Negaligini bilasizmi? Chunki o‘zbek xalqida odob-axloq qoidalarining deyarli hammasi islom asosiga qurilgan! O‘zbek xalqining ma’naviy-ma’rifiy merosi islom bilan chambarchas bog‘liq. Yoshlarning mustaqil fikr yuritishni boshlaydigan o‘smirlik davrida dinga qiziqishiga sabab ham shu. Achinarlisi shundaki, xuddi mana shu pallada biz ana shu yoshlardan «ajrab qolayapmiz». Ya’ni ayrim yoshlar diniy ilm olaman deb, qayerga borishni bilmay, o‘zini internetga urayapti va har xil odamlarning qo‘liga tushib, radikallashib ketayapti. Endi navbatdagi savol – ana shu yoshlar nega mo‘’tadil islomni topolmayapti?
Birinchi sabab – bizda diniy ilm olish uchun imkoniyatlarning ko‘p emasligi. Dinga e’tibor, islomiy ta’lim muassasalaridagi sharoitlar, yangi masjidlar, turli markazlarning qurilishi va hokazolar — boshqa mavzu. Men aynan ommaviy diniy ta’lim huquqini nazarda tutayapman. Misol uchun, muhandis yoki fizika o‘qituvchisi kabi oddiy bir fuqaro xonadonida katta bo‘layotgan farzandlarning islomiy ilm egallashi uchun deyarli hech qanday imkoniyat mavjud emas. Ota-onalarning aksari esa o‘zlari ilmga muhtoj holida farzandlariga ilm berishga qodir emas.
Shunday ekan, xalqning bu ehtiyojini qondirish bo‘yicha Diniy qo‘mita tomonidan jiddiy takliflar ilgari surilishi va hukumatga muhokama uchun taqdim etilishi maqsadga muvofiq. Buning uchun dunyoviy davlat bo‘lishiga qaramay bu sohada samarali tizimni yo‘lga qo‘ygan Yevropa davlatlaridan andoza olsa ham bo‘ladi. Masalan, Angliya maktablaridagi o‘quv rejalarida o‘quvchiga diniy ta’lim taklif etilishi majburiy, ammo o‘quvchi yoki uning ota-onasi buni rad etish huquqiga ega. Germaniyaning aksar yerlarida ham diniy ta’lim ixtiyoriy uzluksiz kurs sifatida taqdim etiladi. Hatto ayrim federal yerlarda ota-onalar o‘z e’tiqodidan kelib chiqib islomiy yoki katolik ilmlardan birini tanlash imkoniyatiga ega.
Alohida e’tiborli jihati shundaki, Yevropa maktablaridagi uzluksiz diniy ta’lim tajribasining bizda shakllanib qolgan islomofobik qarashlarga umuman aloqasi yo‘q. Aksincha, maktablardagi diniy ta’limga radikalizmning oldini olishda ishlatiladigan samarali choralardan biri sifatida qaraladi. Tan olish kerak, O‘zbekiston misolida ham Prezident Shavkat Mirziyoyev hech kim kutmagan tashabbuslar bilan chiqayapti, maktab dasturlariga uzluksiz diniy ta’limni kiritish haqida mujdalar paydo bo‘ldi, deyarli har kuni kichik bo‘lsa-da, qandaydir xushxabar eshitishga o‘rganib ham qoldik. Ammo bularning to‘liq tatbiq etilishi qanchalik haqiqatga yaqinligini hali bilmaymiz. Prezident «menga yordam qilinglar» deb qayta-qayta aytgani bilan odamlarning ongini birpasda o‘zgartirib bo‘larmikan deyman-da...
Endi ikkinchi sabab ham bor. Bu – jamiyatda ko‘zga ko‘rinmas, ammo rad qilib bo‘lmas islomofobiya omili. Ya’ni odamlarning o‘zi radikalizmga yo‘l ochib berayapti. Masjidga borganga yovqarash qilinsa, namoz o‘qigandan shubha qilinsa, Qur’on o‘rganmoqchi bo‘lgan haqida-ku indamay qo‘yaqolay! Ha, bu odam degani «din» so‘zini tilga olgan har bir dindor musulmondan radikal deb gumon qilavergandan keyin dindor odamdan yana qanday munosabat kuta olamiz? Odamlarga fuqarolik jamiyatining muhim prinsiplaridan birini tez-tez eslatib turish kerakmikan deyman-da. Diniy bag‘rikenglik!
Biz demokratik davlatda yashayotgan ekanmiz, yahudiy, nasroniy, dahriy kabilarga bag‘rikenglik qilganimizdek, ularning konstitutsion huquqini hurmat qilganimizdek bechora dindor musulmonga ham bag‘rikenglik qilishimiz kerak. Chunki «dunyoviy davlat» degani – ateist davlat degani emas. Shuningdek, XXI asr olimlari o‘tkazgan ko‘plab tadqiqotlar ko‘rsatadiki, nafaqat dindor, balki har qanday fuqaro qaysidir din, millat, irq yoki boshqa elementar sababga ko‘ra qolganlardan o‘zgacha muomala ko‘rsa va oqibatda tahqirlansa (discrimination), shuningdek, bu uning jamiyatning asosiy qatlamidan ajralib qolishiga sababchi bo‘lsa (social segregation), u o‘z-o‘zidan ana shu jamiyatning dushmaniga aylanadi. Bunday odamlar orasida radikalizmga berilish darajasi nihoyatda yuqori bo‘ladi.
To‘g‘ri, Prezident hozir tinmay takrorlayotgan «odamlarni rozi qilish» g‘oyasini amalga oshirish oson ish emas, hammani birdek rozi qilib bo‘lmaydi. Ammo qaysidir ma’noda hammaning huquqi ta’minlanadigan konsensusga kelinsa va shunga mos ijtimoiy ong shakllansa, ayni muddao bo‘ladi. Chunki qonunchilik hamma sharoitni yaratib bergan taqdirda ham odamlarning ongi o‘zgarmas ekan, biror natijaga erishish amrimahol. Buni barcha huquqlari tiklangan, lekin hanuz jamiyatda turli noxush holatlarga uchrab turgan AQShdagi qora tanli aholi misolida ko‘rish mumkin.
Keyingi o‘rinda aybdorlikka da’vogarlar – ba’zi noxolis ommaviy axborot vositalari. Misol uchun, Londonda bo‘lgan teraktni eslang. O‘zining radikal qarashlari sababli jamiyatda yakkalanib qolgan terrorchi ommaga «musulmonlar yetakchisi» deb ko‘rsatildi. Yoki bo‘lmasa, terrorchilarning oila a’zolari haqida gap ketganda beriladigan urg‘ular ham ajoyib – «namoz o‘qigan», «hijob o‘ragan», «masjidga qatnagan» va hokazo. Odamlarning ongini boshqarish uchun bundan ham osonroq nima bor? Ammo insof bilan yondashilsa, urg‘u beriladigan narsalar talaygina.
Masalan, Yevropada terrorchilik harakati sodir etganlar yaqindan o‘rganilganda, ularning tungi klublarga muntazam qatnagani, fohishabozlikka mukkasidan ketgani, narkotik moddalar iste’mol qilgani aniqlangan. Yoki, hech kimga sir emas, Rossiya orqali Suriya, Iroq jang maydonlariga borgan markaziy osiyolik jangarilarning aksari nochor oilaviy sharoiti sababli mo‘may daromad izlab ketadi. Gapimni quvvatlash uchun radikalizmning faqat aqidaviy emas, aksincha, ijtimoiy-siyosiy sabablar natijasida ham yuzaga kelishiga oid tadqiqotlar bir talay. Ammo terrorizm tushunchasi negadir mana shu «klub», «narkotik», «fohishabozlik», «ishsizlik», «iqtisodiy qiyinchilik», «nochorlik» va boshqa shunga o‘xshash atamalarga bog‘lanmaydi. Kaltakning boshqa uchi o‘ziga tegishidan qo‘rqqanlar, xatolarini tan olmay, yana o‘sha musulmonning o‘zini aybdor qiladi.
Qaysi farzand onasining qornidan «men terrorchi bo‘laman» deb tushadi? Urg‘uni uning terrorchiligi yoki soqol qo‘yganiga emas, uni shu holatga olib kelgan ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va maishiy sabablarga qaratish kerak. Ana shundagina illatning ildiziga bolta ursa bo‘ladi. Bu borada esa hozirgi «jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish» siyosati ayni muddao. Faqat endi bu jarayonni ta’lim tizimida tatbiq etish zarur.
Radikalizmning turli sabablarini ko‘rib chiqqach, men e’tiboringizni yana bir bor ijtimoiy omilga qaratmoqchiman. Yoshlarning mo‘’tadil islomni topolmay gandiraklab yurishi bir muammo bo‘lsa, yuqorida ta’kidlaganimdek, o‘zining mustaqil tashabbusi bilan kitoblarni izlab, yo‘lda-cho‘lda o‘qib-o‘rganib, mo‘’tadil islomni amallab topganlarning mo‘’tadilligiga qilinadigan shubhalar (yana o‘sha islomofiya tendensiyasi) boshqa bir jiddiy muammo. Biroz takror bo‘lsa ham aytaman, odamlar dindorlikni faqat salla, tasbeh va masjid bilan bog‘lashadi.
Dunyoviy sohalarda ajoyib natijalarga erishgan, jamiyatga o‘rnak bo‘lishga-da loyiq insonlarning dindorligi odamlarni hayratga soladi. O‘zi tarbiyaga muhtoj bo‘lgan ayrim kattalarimiz esa ajdodlari merosini, Buxoriyu Termiziylarni o‘qiyman, dinimni o‘rganaman degan farzandlariga «qulog‘imiz tinch tursin» kabi vajlar bilan o‘z dinini o‘rganish, unga amal qilish uchun hech qanday imkoniyat qoldirishmaydi. Masalan, kuni kecha axborot-texnologiyalari sohasida o‘zining jadal qadamlarini tashlab, jamiyat rivoji uchun salmoqli ishlar qilayotgan bir ukamiz suhbat orasida aytib qoldi: «Jumaga ketayotganimni bilib, taksichi amaki menga «undan ko‘ra ilm o‘qi» deb nasihatni boshlayotgan edi, «West»da o‘qishimni aytib, bir maza qivordimki...».
Ko‘rayapsizmi, odamlar uchun din va dunyo umuman ikkiga ajralib ketgan. Bu xulosa faqat shu holatga xos emas. Jamiyatda shunday holat. Bu yaxshilik alomati emas. To‘g‘ri, hech kimni majburlash yo‘q, odamlarning e’tiqod erkinligi va bu boradagi tanloviga zarracha daxl qilish qonun bilan taqiqlanadi. Ammo jamiyatdagi dinga va diniy ilmlarga bo‘lgan bunday munosabat bilan ana shu mo‘’tadillikni zo‘rg‘a topgan, yashash mazmunini tushunib yetgan, undan jamiyat faqat foyda ko‘radigan (!) yoshlarni yo radikallashtirib yuboramiz, yo axloqsiz «uyushmagan yoshlar»ga aylantiramiz.
Keyin esa «Yoshlarimiz nega axloqsiz bo‘lib ketayapti? Nega yoshlar ommaviy madaniyatga ruju qo‘yayapti?» deb uyalmay taajjub ham qilamiz. Ammo, yaxshiyamki, Prezident xalqning nafaqat moddiy, balki ma’naviy boyligi xususida ham qayg‘urib, ajdodlar merosini tiriltirish, o‘zbek xalqining ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirish borasida ko‘plab tashabbuslar bilan chiqmoqda. Ortiqcha mulozamatsiz, samimiy aytamanki, xalqimizning kelajagi buyuk bo‘lishiga endi chin ma’noda umidim bor.
Shu asnoda biz diniy ilmga chanqoq yosh avlodga mo‘’tadil islom haqida ta’lim olish imkoniyatini yaratib bera olsak, diniy ta’lim olmoqchi bo‘lgan yigit-qiz «Telegram»dagi chet eldan yuritiladigan noma’lum kanalga emas, maktab yoshidan boshlab O‘zbekiston qonunchiligi bilan mustahkamlanib (Yevropa davlatlaridagi kabi) ixtiyoriy tanlanadigan maktab darsligi yoki qo‘shimcha kurslar ko‘rinishida beriladigan ilmlarni o‘rgana olsa, ana o‘shanda yoshlarning kelajagidan xavotir olmasak ham bo‘laveradi.
So‘ngso‘z o‘rnida ta’kidlash joizki, davlat bir tomondan yordam qilayotgan pallada jamiyatda islomofobik qarashlarni yo‘qotish uchun dindorlarning o‘zlari ham jonbozlik ko‘rsatishlari zarur. Shu sababli musulmon do‘stlarimizga aytamanki, qaysi kasb egasi bo‘lishingizdan qat’i nazar, o‘z ustingizda ishlang! Alloh taolo sizga ilmni farz qilganini, nafaqat diniy, balki dunyoviy ilmlarni ham farz qilganini unutmang. Jamiyat uchun zarur kadrlarning yetishib chiqishi shu jamiyatdagi kimdir ado etishi kerak bo‘lgan farzi kifoya ekanini yodda saqlang. Aniq, tabiiy va ijtimoiy fanlarni chuqur o‘zlashtiring.
Go‘zal axloq egasi bo‘lish bilan bir qatorda, o‘z sohangizga ham shunday jiddu jahd qilingki, shunday yutuqlarga erishingki, turli sabablar bilan dindorlar haqida salbiy fikrlashga o‘rganib qolgan odamlar fikrlarini ijobiy tomonga o‘zgartirishga majbur bo‘lsinlar. Badgumon bo‘lganlaridan uyalib, qizarib qolsinlar. Diniy ilmlarni chuqur egallash mutaassiblikka emas, aksincha, shaxs kamolotiga olib borishini, Allohning yo‘l-yo‘rig‘idan yurgan odamdan jamiyat faqat manfaat topishini, dindorlardan xalq farovonligi uchun zarur bo‘lgan kuchli mutaxassislar yetishib chiqishi mumkinligini o‘z misolingizda isbotlang. Bu yo‘lda Alloh taolo sizga yordamchi bo‘lsin.
Javohir Izzatullayev
Ushbu blogpost muallifi O‘zbekiston blogerlari chempionatida ishtirok etmoqda. Mukofot jamg‘armasi 60 mln so‘mdan ortiq chempionatga kelib tushgan boshqa ijodiy ishlar bilan tanishish uchun ushbu havolaga o‘ting.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter