Mozori Sharifda Alisher Navoiy yodgorligi buzib tashlangan. Holat bo‘yicha izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida Alisher Navoiy yodgorligining buzib tashlangani aks etgan tasvirlar paydo bo‘ldi.
O‘zbekiston TIV rasmiysi Ahror Burxanovning yozishicha, ushbu holat yuzasidan Afg‘oniston hukumati vakillari bilan aloqa o‘rnatilgan.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan joy buyuk alloma xotirasiga yetarlicha munosib emasligi, shoir va mutafakkir uchun yanada ko‘rkam majmua qurilishi lozimligi bois yodgorlik mahalliy hokimiyat tomonidan olib tashlangan. Shu bilan birga, ushbu buzish ishlari Afg‘oniston Madaniyat va axborot vazirligi hamda keng jamoatchilik bilan kelishilmagani alohida ta’kidlanib, afg‘on tarafi holat yuzasidan taassuf ham bildirgan.
«Bundan tashqari Afg‘oniston hukumati vakillari nafaqat O‘zbekiston, balki Afg‘oniston xalqi uchun mo‘’tabar bo‘lgan Alisher Navoiy xotirasini munosib tarzda abadiylashtirilishini tasdiqlab, buyuk shoir va mutafakkir sharafiga alohida yodgorlik barpo etishga va’da berdi. Jumladan, hududni obodonlashtirish, shoir hayoti va ijodiy merosiga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yozuvlarni tiklash hamda amaldagi qarorlarga muvofiq yangi yodgorlik barpo etish hamda u joylashgan maydonga buyuk shoir Alisher Navoiy nomi qo‘yilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi», – deb yozadi Burxanov.
Afg‘oniston tomoni butun mintaqa uchun birdek qadrli bo‘lgan buyuk mutafakkir xotirasini asrab-avaylash borasidagi qat’iy sodiqligini bildirgan holda, uning nomini munosib e’zozlash uchun barcha zarur choralar ko‘rilishini ta’kidladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter