Marg‘ilondagi mudhish jinoyatlar yuzasidan 10 kishi sud qilinmoqda
Marg‘ilondagi 1-mehribonlik uyi uyida aqlni shoshiradigan darajadagi jinoyatlar fosh etilgani, xususan, bu yerda tarbiyalayotgan o‘g‘il (!) hamda qizlar g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb etilgani, shu munosabat bilan muassasa rahbari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Milliy axborot agentligining saytida mazkur voqea bilan bog‘liq yangi tafsilotlar e’lon qilindi.
O‘zAning Farg‘ona viloyati bo‘yicha muxbiri Ma’sudjon Sulaymonovning aniqlik kiritishicha, tergov organi tomonidan Marg‘ilon shahridagi 1-mehribonlik uyining sobiq direktori K.Yakubov va 9 nafar xodimga nisbatan Jinoyat Kodeksining bir necha moddasi bilan jinoyat ishi sudga yuborilgan. Mazkur jinoyat ishini ko‘rish 2018-yil 18-aprelda boshlangan, ayni kunlarda jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida sud jarayoni davom etmoqda.
O‘zA muxbiri mazkur masala bo‘yicha jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudining sudyasi Rahmatjon Arapovdan ham intervyu olgan.
— Ochiq sud majlisi xolislik va adolat mezonlari asosida o‘tkazilmoqda. Hozirda sudlanuvchilarning ko‘rsatmalari eshitilmoqda. Keyingi jarayonda esa jabrlanuvchilar va guvohlar eshitiladi. Albatta, sud mazkur jinoyat ishi bo‘yicha odilona hukmini chiqaradi, — deb aytgan Rahmatjon Arapov.
Avval xabar berganimizdek, tergov organi tomonidan sobiq direktor K.Yakubovga nisbatan Jinoyat Kodeksi (JK)ning 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi), 115-moddasi (voyaga yetmagan shaxsning homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash), 127-moddasi (voyaga yetmagan shaxslarni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb etish) bo‘yicha ayb e’lon qilingan.
Shuningdek, direktor o‘rinbosari S.Usmonov, bosh hisobchi A. Mo‘ydinova, hisobchi A.Saidkamalova, feldsher I.Yo‘ldoshev, tarbiyachilar X.Yakubova, R.Abdufattoyev, N.Soliyeva, enagalar D. Jo‘raboyeva, X.To‘rayevaga nisbatan ham Jinoyat Kodeksining turli moddalari bilan ayb e’lon qilingan.
O‘zAning ma’lum qilishicha, K. Yakubov, S. Usmonov, I. Yo‘ldoshev, R. Abdufattoyevlarga nisbatan «qamoq», X.Yakubova, N.Soliyeva, D.Jo‘raboyeva, X.To‘rayevalarga «uy qamog‘i», A. Mo‘ydinova, A. Saidkamalovalarga «garov» ehtiyot choralari qo‘llangan.
«Bugun, 14 may kuni sud majlisi davom ettirilib, sudlanuvchi K.Yakubovning ko‘rsatmalari tinglandi», — deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter