Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muhokama uchun mavzu kerakmi? Mardikorlar orasiga kiring

Muhokama uchun mavzu kerakmi? Mardikorlar orasiga kiring

Ba’zida ijtimoiy tarmoqlarda mashhur insonlarning o‘zaro mayda-chuyda janjallari borasida juda ko‘p bahs-munozaralarga guvoh bo‘lamiz. Hatto ayrim yoshlar ikki guruhga bo‘linib, ularning o‘rtasidagi mojaroni muhokama qilish uchun vaqtlarini behuda sarflashmoqda. Nahotki, turmushimizda mashhurlarning «dedi-dedi»sini muhokama qilishdan, g‘iybatdan boshqa arzirli muammolar yo‘q bo‘lsa?! Bor, albatta! Masalan, shahrimizning turli joylarida mardikorlar bozori mavjud.

Ular orasiga kirib ko‘rsangiz talay muammolarning guvohiga aylanasiz. Yoki kimlarningdir xatosi tufayli uy-joysiz qolgan, taqdir zarbalari sabab otalik, onalik huquqidan mahrum etilgan insonlar bor.

Mardikor ayollar bozoridan o‘tib borarkanman, ularning chehrasidan «Tezroq ish chiqaqolsaydi, bugungi rizqimni topsaydim» degan xavotirli nigohni ilg‘ayman. O‘ttiz yoshdan ellik yoshgacha bo‘lgan bu mardikor ayollarning buguncha kuch-quvvatlari bor, sog‘liqlari ham hali pand berib ulgurmadi, lekin ertagachi? Keksayganda, biron kasallikka chalinib qolganlarida kim ularning joniga oro kiroladi? Shu savolni berish uchun ularni suhbatga chorladim.

O‘rta yoshlardagi ayoldan «Turmush o‘rtog‘ingiz betobmi? Bugun og‘ir yumushlarni bajaryapsiz, ertaga keksayganingizda ahvolingiz nima bo‘ladi?» – deb so‘rayman.

– Qashqadaryodan kelganman. Turmush o‘rtog‘im vafot etgan, – deydi ayol. – Ikki nafar farzandim bor. Ular maktabda o‘qishadi.

– Sharoiti og‘ir, boquvchisini yo‘qotgan ayollarga Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi yordam bermoqda. Qo‘mitaning har bir viloyatda bo‘limi mavjud, ish masalasida biron marta murojaat etib ko‘rmaganmisiz?

– Men qayerga murojaat qilishni ham bilmayman. Bilasizmi, katta qizim to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi, ijodga juda qiziqadi. Shu qizim jurnalistika oliygohiga o‘qishga kirishi uchun nima qilsam bo‘ladi? – o‘zi qolib qizining g‘amini o‘ylarkan, umid bilan so‘raydi ayol. – Ya’ni, yozganlarini qayerga olib borish kerak, ularning manzilini bilmayman, – davom etadi xijolatlik bilan...

Qarang, bu ayol butun umr mehnat bilan band, farzandlarining kelajakda bilimli, o‘qimishli bo‘lishlarini istaydi, ammo ular orzu-umidlariga yetishishni nimadan boshlashni bilolmaydi. Yurtimizda bunday sodda ayollar ko‘p, ularga yetarli e’tibor ko‘rsatadiganlar, savob uchun daromadli ish taklif qiladiganlar, ularning iqtidorli farzandlariga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadiganlar esa juda oz.

Bu mardikor ayollar yurtimizda keng nishonlangan xotin-qizlar bayrami tadbirlarini, tomoshalarini, konsertlarini televideniye orqali ko‘rishmadi deysizmi? Chiroyli liboslarda, ko‘kraklariga nishonlar taqib, gullar bilan davraning to‘rida savlat to‘kib o‘tirgan yurtdosh ayollarni ko‘rib havas qilmadi, deb o‘ylaysizmi? Yoki ularning ko‘nglidan «Nima uchun mana shu ayollarning hamma narsasi yetarli, omadi, baxti, imkoni boru men oilam hamda tirikchiligim masofasi chegarasidan chiqolmay yashayman, tokaygacha?!» kabi savollardan qalbi o‘kinmadi, deb o‘ylaysizmi?

Xayollarimni boshqa bir ayolning gapi bo‘ldi:

– Opajon, oramizda qaynonasi kun bermay haydab yuborgan, eri boshqasiga uylangan bir samarqandlik ayol bor. O‘sha ayol necha yillar ijarama-ijara yurib, mardikorchilik bilan chaqalog‘ini bir o‘zi katta qildi. Bolasi olti yoshga yetganida ko‘proq pul topish uchun uni vaqtinchalik bolalar uyiga topshirdi. Mana, ikki yil bo‘lyapti, bolasini qaytarib olish u yoqda tursin, o‘zini ham ko‘rsatishmayapti. Hattoki uy-joying yo‘q, deb onalik huquqi-dan mahrum qilishmoqchi. Sizdan iltimos, u bizdan ko‘ra ko‘proq qiynalgan, o‘sha ayolga yordam bering. So‘nggi paytlarda o‘z tuqqan bolasini ko‘rolmay ruhiy tushkunlikka tushib qolgan bechora.

U aytgan ayolni aniq esladim. Samarqandlik ayol Barno Qarshiyeva haqida gap borayotgandi. U gazetamizda yoritilganidan so‘ng, kerakli tashkilotga maqolani topshirgandim. Buni qarangki, u hali ham og‘ir muammosiga yechim topolmabdi.

Ayollar bilan suhbatimiz qizigandan qizib borardi.

– Men ham bir ayolni taniyman, – suhbatga qo‘shildi boshqasi. – Uning ham qo‘lida chaqalog‘i bor. Bechora, bolam kattaroq bo‘lganidan keyin ishga chiqaman, deb birovlarning ijara uyida kun ko‘rib yashayapti. Hammamizdan ham unga qiyin, o‘sha haqida yozinglar.

E’tibor bering-ga, vaqti kelsa bu ayollar bir-biri bilan ish talashishadi, lekin bir-birlarining g‘am-tashvishiga sherik bo‘lib jon kuydirishyapti.

Bizdan nariroqda mashina to‘xtadiyu ayollar «Ish keldi!» degancha mashina tomon yugurib ketishdi.
Mardikor bozoridan, to‘g‘rirog‘i, «O‘zini sevmaydigan ayollar makoni»dan uzoqlasharkanman (garchi o‘zlarini sevganlarida hayotlaridagi adolatsizlikka, tahqirlashlarga, og‘ir yumushlarni indamay bajarishga rozi bo‘larmidilar), o‘zimga o‘zim savollar beraman: Bu ayollar ro‘yxatda turgan mahalla qo‘mitasi raislari qaysi bajargan xizmatlari uchun hukumatimizdan maosh olishyapti?! Nima uchun ular istiqomat qilgan hududda «Ayol huquqlari» bo‘yicha tushuntirish ishlari yetarli darajada olib borilmagan? Chaqalog‘ini duch kelgan joyga tashlab ketmay bag‘rida ulg‘aytirayotgan onalar nima uchun sharoiti og‘ir ijara uylarda sarson-sargardon bo‘lib yashashga mahkum bo‘lishyapti?

Fursati kelganida mardikor yigitlar borasida ham eslab o‘tmoqchiman. Ularning pul topish mas’uliyati ayollarga qaraganda ikki hissa mas’uliyatliroq, chunki erkak mardikor nafaqat oilasini, balki ota-onasini, jigarlarini ta’minlashni ham bo‘yniga olgan. Mabodo ichki ishlar xodimi ko‘rinib qolsa, bechoralar nima uchundir tumtaraqay qochishga tushishadi. Nima, ular biron jinoyat qilishyaptimi yoki giyohvandlik bilan shug‘ullanishyaptimi?

Menimcha, bunday yollanma ishchilar uchun maxsus ish idoralari qurish lozim. Ular ham boshqa kasb egalari singari qor-yomg‘ir ostida, quyoshning tig‘ida tik oyoqda turmasdan, mijozlarini o‘zlariga tegishli idora ichida kutishsin. Bir piyola choy ustida bir-birlari bilan gurunglashishsin, madaniy, ma’naviy hordiq chiqarishsin. Toki ular ham o‘zlarini erkin tutishsin, bexavotir ishlashsin.

Bir safar ijtimoiy tarmoqda yoritilgan bir maqolamda «ko‘cha-ko‘yda tilanchilik qilib yurgan sadaqaxo‘rlar rivojlanayotgan mamlakatlar qatorida turgan yurtimizning husniga dog‘ bo‘lib tushyapti» degan fikrni bildirganimda, kimlardir «Tilanchilar dunyoning hamma joyida bor. Nima uchun biz ulardan uyalishimiz kerak?» degan fikrni bildirgandi. Men aslida tilanchilardan uyalganimdan emas, ularni shu darajaga yetib kelishlariga sabab bo‘lgan illatlar borasida shaxsiy fikrlarimni bildirib o‘tmoqchi bo‘lgandim. Zero, bizning saxovatli, muruvvatli yurtimizda tilanchilar mavjud bo‘lishi sira mumkin emas. Tilanchilikning oldini olish uchun ham bizda imkoniyatlar yetarli. Buning uchun yuqorida aytganimdek bugun mardikorlik qilayotganlar ertaga keksayganlarida tilanchilik darajasiga yetib bormasliklari uchun kerakli choralarni qo‘llasak bo‘lgani. Har bir kasb egalari keksalikda pensiya ta’minotiga ega bo‘ladilar. Mardikorlar esa bunday imkoniyatdan mahrumlar. Masalaning mana shu tomoni har bir tegishli tashkilot uchun bosh muammoga aylanmog‘i lozim.

Ra’no MAHMUDOVA

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring