Odamlarga do‘st va dushman shahar
Toshkentdagi «Novza» metro bekati yaqiniga qurilgan piyodalar ko‘prigidan tez-tez o‘tib turaman. Ba’zida bolalar aravachasi bilan zinalardan qiynalib tushib-chiqayotgan ayollarga yordam berishga to‘g‘ri keldi. Avvaliga nima uchun ko‘prikda bolali ayollar, nogiron va keksalarga sharoit yaratilmagan deb jahlim chiqdi. Keyinroq e’tibor bersam, ko‘prikning har ikki tomonida lift qurilgan ekan. Ammo u yerda lift borligini bildiradigan biror belgi ham, yozuv ham yo‘q, lift eshiklari esa qulflangan.
Xuddi shu ko‘prik ustida turib mashinalar yo‘lini kuzatsangiz, yana bir manzaraga guvoh bo‘lasiz: ba’zilar 100-200 metr naridagi ko‘prikkacha borish, tepaga chiqib-tushishga erinib, hayotini xavf ostiga qo‘ygancha ko‘chadan yugurib o‘tmoqda. Bu yerda mashinalar juda tirband va tez harakatlanadi. Yo‘ldan o‘tib olish oson emas...
Ko‘prikdan tushib, Milliy bog‘ tomon piyoda yurib ko‘ramiz. Bir vaqtlar bu yerda katta yo‘lning o‘rtasida piyoda sayr qilish uchun yo‘lak bo‘lar edi. Qalin daraxtzor o‘rtasidagi yo‘lak Milliy bog‘ yaqinidan boshlanib, to metroning «Olmazor» bekatiga qadar davom etardi. Hozir esa yo‘lak uziq-yuliq, piyoda ketarkansiz, to‘satdan tugab qoladi, aksiga olib serqatnov avtoyo‘ldan o‘tish uchun biror imkoniyat yo‘q, mashinalar siyraklashishini kutishga majbursiz. Agar aravacha yoki velosiped bo‘lsa, orqaga qaytishga majbursiz, na o‘ng, na chapda o‘tish uchun sharoit bor.
Milliy boqqa qadar yetib olishingizda shularning o‘zi to‘sqinlik qilmaydi. Yo‘lning qaysi tomonida bo‘lmang, piyodalar yo‘laklariga qo‘yib ketilgan mashinalarni aylanib o‘tishga majbur bo‘lasiz. Ba’zan esa ortingizdan signal chalinib qoladi: haydovchi yo‘limdan qoch deya aslida sizga tegishli hududga xo‘jayinlik qiladi. Xullas, Toshkent ko‘chalarida piyoda sayr qilish turgan-bitgani asabbuzarlik, stress, qo‘rquv va kamsitilishlardan iborat.
Haydovchilar uchun esa shahar bir olam qulayliklar, imkoniyatlarni tortiq qilayapti. Avtomobil yo‘llari tekis va ravon, keng va qulay. Shaharning u boshidan bu boshigacha bir zumda yetib borish uchun har qanday to‘siqlar, birinchi navbatda piyodalar infratuzilmalari olib tashlanmoqda, odamlar yo‘lni kesib o‘tishi uchun ko‘prikka chiqishi yoki yer ostiga tushishi kerak. Uning ustiga yuz yillik daraxtlar ommaviy ravishda kesib tashlangani oqibatida piyodalar quyosh tig‘ida yurishga majbur bo‘lib qoldi.
Nazarimda haydovchilarga yo‘llardagi mutlaq ustunlik «kottakon» bo‘lib olganidan keyin biror marta shaharni piyoda aylanmagan, doimo xizmat yoki shaxsiy mashinasida yuradigan amaldorlar tomonidan berilgan. Aniqrog‘i ular mansabi, ta’sir kuchidan foydalanib, shaharni o‘zlari uchun qulaylashtirishdi. Qorni to‘qning qorni och bilan ishi yo‘q deganlaridek, piyodalar, keksalar, nogiron yoki kasalmandlar haq-huquqlari hisobga olinmadi, inson haq-huquqlari ochiqchasiga toptaldi, haqorat qilindi.
Rossiyalik urbanist Arkadiy Gershman, daniyalik arxitektor Yan Geylning Toshkentga tashrifi, Rossiyaning «KB Strelka» konsalting kompaniyasining Toshkent ko‘chalarini odamlar uchun qulay holga keltirish bo‘yicha loyihani amalga oshirishga kirishgani, poytaxtdagi Baynalmilal ko‘chasiga Seul nomi berilib, koreys uslubida rekonstruksiya qilinishi O‘zbekistonda ham shaharlarni odamlarga yaqinlashtirish va do‘stlashtirish borasida dadil qadamlar tashlanayotganidan darak beradi. Lekin bu borada hali juda ko‘p ish qilinishi kerak.
Eng avvalo shaharlarda piyodalar, ayniqsa nogironlar, keksalar va bemorlar katta ustunlikka ega bo‘lishi shart. Harakat ishtirokchilari bir-birlarining hududiga daxl qilishi qonun bilan qat’iy taqiqlanib, qoidabuzarlik uchun javobgarlik muqarrar bo‘lishi kerak. Aholi istiqomat qiladigan hududlarda mashinalar harakatini imkon qadar cheklab, ayrim hududlarni, masalan ko‘p qavatli uylar atrofi, pod’yezdlar oldilarini mashinalardan butunlay xoli hudud qilish kerak.
Shaharlarda piyodalar yo‘laklari uchun yagona qurilish talablari ishlab chiqilishi lozim. Shu yilning fevral oyida bir guruh jurnalistlar bilan Amerikaga xizmat safariga borganimizda ayni shu narsaga e’tibor qaratdim. Ya’ni, qaysi shaharda bo‘lmaylik, hatto idora va tashkilotlar, universitet hovlilarida ham piyodalar yo‘laklari umumiy o‘ziga xosliklarga ega. O‘tish joylari nogironlar yoki bolalar aravachalari, velosipedlar uchun moslashtirilgan. O‘zbekistondagidek past yoki balandlik sababli qoqilib ketish xavfi minimal darajada. Ayrim balandroq ko‘chalarda aravachalar uchun alohida panduslar qurilgan. Shuningdek, Amerikada biror joyda ochiq lotoklarni uchratmadim: barcha irrigatsiya infratuzilmalari yer ostida. Bu kabi shart-sharoitlar inson huquqlarining oliy darajada hurmat qilinishi va ta’minlanishini ko‘rsatish bilan birga, odamlarni piyoda yurish, sport va jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishga ham rag‘batlantiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter