Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ohangaronda somoniylar va qoraxoniylar davriga oid noyob topilmalar aniqlandi

Ohangaronda somoniylar va qoraxoniylar davriga oid noyob topilmalar aniqlandi

Akademik Ahmadali Asqarov ilmiy rahbarligidagi bir guruh arxeolog olimlar tomonidan Toshkent viloyati, Ohangaron tumanida, Olmaliq shahridan 12 km shimoli-sharqda joylashgan Tunkat yodgorligida joriy yilning yoz oylaridan buyon qazishma ishlari olib borilmoqda.

Qazishma ishlari oldidan guruh tomonidan yodgorlikning shahriston, rabot, qabriston qismlarida tadqiqotlar olib borish rejalashtirilgandi. Yakuniy natijalar kutilganidan ko‘ra a’lo.

Arxeologik qazuv shaharning shimoliy qismidagi nisbatan balandroq tepalikni ochib o‘rganishdan boshlandi. Dastlab qazishma ishlari 12X12 o‘lchamdagi maydonda amalga oshirildi. Keyinchalik, ochilgan inshoot o‘rni devorlarga mos ravishda kengaytirib borildi.

Tadqiqotlar davomida o‘rta asrlarga oid 10 dan ortiq xonalar, 200 dan ziyod sirlangan va sirlanmagan sopol bo‘laklari, 20 ga yaqin tangalar, 10 ga yaqin chiroqlar, ko‘plab shisha idish parchalari, metal buyumlar va eritilgan metal shlak (toshqol) qoldiqlari topildi.

Idishlar ichida sirlangan idishlar alohida e’tiborga loyiq. Ushbu idishlarning asosiga oq rangda angob berilib, qizil, sariq, yashil, qora va boshqa ranglar bilan naqshlar berilgan. Ayrimlariga qushlar va hayvonlar tasviri ishlangan. Ba’zilari esa arab alifbosining kufiy xatidagi so‘zlar bilan bezatilgan. Bunday bezakli idishlar nafaqat Ohangaron, Toshkent vohasi, balki O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham uchrab turadi. Ular olimlar tomonidan IX-XI asrlar bilan davrlashtirilgan. Bu davrda Turkiston hududlari somoniylar va qoraxoniylar sulolasi tomonidan boshqarilgan.

Chiroqlar ham sirlangan idishlar singari oq angob bilan bo‘yalib, ustidan qora rang yordamida an’anaviy tarzda, kufiy xatidagi so‘zlar bilan bezatilgan. Bunday bejirim idishlar, tarixiy Turkiston hududidagi birinchi musulmon renessansi (uyg‘onish) davrida san’atning naqadar rivojlanganligini ko‘rsatib turibdi.

Ochilgan tarixiy inshootga kirish sharqiy tomonda joylashgan eshik orqali amalga oshirilganligi aniqlandi. Eshikdan zinalar orqali yo‘lakga o‘tilib, xonalarga kirilgan. Bino qurilishida asosan xom g‘isht va paxsadan keng foydalanilgan. Ahyon ahyonda u yoki bu maqsadda foydalanilgan somoniylar davrining pishtgan g‘ishtlarini ham kuzatish mumkin. 

Hozirgi vaqtda Tunkatda arxeologik tadqiqotlar davom ettirilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring