Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

 “Oilaviy bolalar uyi” egalariga har oy kamida 7 mln so‘mdan to‘lab beriladi

 “Oilaviy bolalar uyi” egalariga har oy kamida 7 mln so‘mdan to‘lab beriladi

Oilaviy bolalar uyini tashkil etganlarga har oyda budjetdan pul ajratiladi.

Mazkur tartib “Oilaviy bolalar uylari faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilab qo‘yildi.

Qarorga ko‘ra, 2022-yil 1-sentyabrdan oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga har oyda Davlat budjetidan:

– oilaviy bolalar uyidagi har bir tarbiyalanuvchining yashash xarajatlari uchun 7 yoshgacha bo‘lgan tarbiyalanuvchilarga BHMning 5 baravari (1,5 mln so‘m) miqdorida, 8 yoshdan 18 yoshgacha tarbiyalanuvchilarga BHMning 7 baravari (2,1 mln so‘m) miqdorida;

– oilaviy bolalar uyidagi har bir tarbiyalanuvchini parvarish qilish uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1 baravari – 920 ming so‘m, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 1,5 baravari – 1 mln 380 ming so‘m miqdorida;

– oilaviy bolalar uyiga tarbiyaga olingan har bir nogironligi bo‘lgan bolani davolash-sog‘lomlashtirish uchun har oyda BHMning 1 baravari (300 ming so‘m) miqdorida mablag‘ ajratiladi.

Oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarning yashash xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘lar har oyning 5-sanasiga qadar tutingan ota-ona nomiga ochilgan bank plastik kartasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazib beriladi.

Bundan tashqari, oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarga hududda joylashgan davlat sport majmualari, ma’naviy-ma’rifiy maskanlar, to‘garaklar, ot sporti seksiyalari, “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa o‘quv markazlaridagi to‘garaklar va kurslarga bepul qatnashish huquqi beriladi.

Shuningdek, oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar uchun O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan yiliga bir marotaba sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam olish uchun bepul yo‘llanmalar ajratiladi. Tuman (shahar) hokimliklari tomonidan esa bir yilda ikki marotaba respublikamizning tarixiy shaharlariga bepul sayohatlar hamda teatr tomoshalari va konsert dasturlari tashkil etiladi;

Ushbu qarorga muvofiq, oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar davlat davolash-profilaktika muassasalari tomonidan bir yilda ikki marotaba bepul to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, Oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarga mazkur qarorga muvofiq berilayotgan sog‘lomlashtirish oromgohiga va sayohatga borish, teatr tomoshalari va konsertlarda qatnashishga oid imtiyozlar oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarning o‘z farzandlariga ham tatbiq etiladi.

Eslatib o‘tamiz, yangi tartibga ko‘ra, bir oila kamida 3, ko‘pi bilan esa 5 nafargacha tim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalariga olishlari mumkin. Bu esa , Oilaviy bolalar uyini tashkil etgan oilalar har oyda davlat budjetidan kamida 7,2 million so‘m oladi, deganidir.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring