Olmaliqda ish so‘rab minglab yoshlar yig‘ildi
Olmaliq shahridagi «Metallurg» madaniyat saroyi oldida minglab yoshlar to‘plangan video tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yoshlar ishga kirish istagida yig‘ilishgan. Olmaliq shahar hokimligi holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, bugun Olmaliq shahrida korxona, tashkilotlar, xususan, OKMK ishtirokida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazilmoqda. Yarmarka o‘tkazish uchun «Metallurg» madaniyat saroyi tanlangan bo‘lgan. Biroq, talabgorlarning ko‘pligi, xususan, OKMKga ishga kirish istagida yaqin hududlardan (Pskent, Ohangaron, O‘rta Chirchiq, Bo‘ka, Bekobod) ham kelgan fuqarolar hisobiga mo‘ljallangan joyda odam to‘planish holati yuzaga kelgan.
Shundan so‘ng, zudlik bilan shahar hokimligi, OKMK mas’ullari tomonidan «Mehnat yarmarkasi» mazkur madaniyat saroyiga yondosh hududda joylashgan «Yoshlar bog‘i»ga ko‘chirilgan. Ayni paytda «Yoshlar bog‘i»da Olmaliq shahar sektor rahbarlarining sayyor qabuli ham bo‘lib o‘tmoqda.
Ma’lum qilinishicha, OKMK AJda yirik investitsiya loyihalari jadallik bilan amalga oshirilmoqda. «Yoshlik-1» konini o‘zlashtirilish» loyihasi doirasida yangi ob’yektlar, xususan, 3-MBF qurilishi munosabati bilan kombinatda 10 mingta ish o‘rni bosqichma-bosqich ochiladi.
Bugungi «Mehnat yarmarkasi»da yoshlarning murojaatlari o‘rganilib, kelgusida kombinatda ochilishi rejalashtirilgan yangi ish o‘rinlariga qabul masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter