Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Onamnikiga sig‘madim va Turkiyaga ketishga majbur bo‘ldim» (video)

«Yoshim 36 da, Andijondagi iqtisodiyot kasb-hunar kollejida o‘qidim, 20 yoshimda turmushga chiqqanman, lekin besh yil o‘tib turmush o‘rtog‘im bilan ajrashdim, to‘g‘risi qaynonam bilan kelisha olmadik. Erim Rossiyada ishlardi. «Onang senga tuzukroq mebel qilmagan, o‘g‘limga yaxshi kiyim-kechak qilmagan», deb qaynonam meni haydadi. O‘g‘li ham Rossiyadan turib javobimni berdi. Farzandim bilan onamnikiga qaytib keldim...».

«Ishlay desam ish yo‘q. Turmush o‘rtog‘im ikki bolamga aliment bermaydi, Rossiyada uylanib, bola-chaqali bo‘lib ketgan. Onamnikiga sig‘madim, keyin Turkiyaga ketishga majbur bo‘ldim...».

«Turkiyada ishlaganimni eshitgan ayollar «mengayam ish toping, ketaman, qiynalib ketdim bu yerda, deydi. Qo‘lingizdan biror ish keladimi, hunaringiz bormi, desam, hunarim yo‘g‘u lekin har qanday ishni qilaveraman, borib olsam bo‘ldi. Birorta oila topib bersangiz, chol-kampirga qarayman. Turkchani ham o‘rganib olaman, oson-ku to‘g‘rimi, o‘zbekchaga o‘xshaydi. Seriallarni bemalol tushunaman». Hatto ba’zilari «juda bo‘lmasa o‘sha cholga tegib ham olaveraman», ham deydi. Ular Turkiyadagi 700-800 dollar pulni topish qanchalik mashaqqatli ekanini bilishmaydi. Qanchadan-qancha ayollarimiz o‘sha yerda vafot etdi. Qanchasi ko‘proq pul topaman deb shirkatlar topib bergan kunlik uy tozalashlarga borib, turk erkaklari tomonidan zo‘ravonliklarga uchradi...».

Turkiyaga kelib, migrant ayollar hayoti bilan qiziqsangiz, bu kabi hikoyalarni eshitaverasiz-eshitaverasiz. Ularning ko‘ngillarini ko‘tarish, bir og‘iz shirin so‘z aytishdan boshqa chorangiz bo‘lmaydi.

Yurtda qolgan hamyurtlarimiz esa afsuski xorijda mehnat qilib oilasi, farzandlarini oyoqqa qo‘yayotgan, qo‘yishga jon-dili bilan harakat qilayotgan bu mushfiq ayollarga tasalli berish o‘rniga, ularni qoralashdan nariga o‘tolmayapti.

Ma’lumot uchun: statistika bugungi kunda Turkiyada 78 ming o‘zbekistonlik migrantlar borligini ko‘rsatadi, ammo norasmiy ma’lumotlarda ular soni bu raqamdan o‘n baravarga ortiq bo‘lishi mumkin. Birgina Toshkentdan Istanbulga haftada 50dan ziyod aviareys mavjudligi fikrimizning dalilidir. O‘zbekistonliklar Turkiya davlatida 90 kungacha vizasiz qolishi mumkinligini hisobga olsak, u yerga sayyoh sifatida borib, 3 oy ishlab qaytayotganlar son-sanoqsiz, ko‘pchilik esa yaxshi pul topayotganlariga qiziqib, vizasi tugasa ham qonunsiz qolib ketyapti.

Bugungi kunda Turkiya qonunchiligi migrantlar masalasida qat’iy qarorlar qabul qildi. Unga ko‘ra, turk hukumati eng avvalo, bu yerdagi ish beruvchilarga qattiq talablarni qo‘ydiki, endilikda ular xorijliklarni hujjatsiz, ruxsatnomasiz ishlatgani uchun katta jarimalar to‘lashga majbur bo‘ladi. Uzoq yillardan beri tartibga solinmagan migratsiya masalasi so‘nggi bir yil ichida aniq yechimga ega bo‘ldi.

Migrantlar endilikda Turkiyaga borib ishlay oladimi? Albatta, siz O‘zbekistonda turib, ishchi viza olishingiz yoki Turkiyaga borgach, ish beruvchi bilan shartnoma tuzib, unga ko‘ra ishlashingiz mumkin. Qonuniy 3 oylik muddat ichida ish beruvchi sizga davlatdan yashash va ishlash vizalarini olib beradi. Avvaliga 6 oylik va so‘ngra ishingizga ko‘ra vizangiz cho‘zib boriladi.

Xo‘sh, migratsiya qonunlarining migrantlar uchun qanday foydasi bor?

Endilikda siz Turkiyada qonunsiz qolib, ko‘cha-ko‘yda politsiyadan hadiksirab yurish, ishlagan joyidan oylarcha tashqariga chiqmasdan yashash ortidan uy egalarining hukmi ostida qolish kabi majburiyatlardan qutulasiz, begona mamlakatda emin-erkin yashay olasiz.

Bu qoidalarga amal qilish – boshqalar ko‘z oldida «mushfiq migrant» qiyofasida emas, o‘z mehnati va halol rizq bilan pul topayotgan vatandosh timsolida qolasiz.

Quyidagi videolavha orqali biz Turkiyada qonunsiz ishlab, qiyinchiliklarga uchragan va shu tariqa o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotgan qahramonlarimiz hayoti haqida hikoya qildik. Umid qilamizki, bularning barchasidan to‘g‘ri xulosa chiqara olasiz.

Sabohat Rahmon, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring