Orol tubi bo‘ylab 42 kilometr: qurigan dengizda marafon tashkil etildi
O‘zbekistondagi ommaviy yugurish musobaqasi tashkilotchisi Andrey Kulikov qurigan Orol dengizi tubi bo‘ylab 42 km 195 m masofani bosib o‘tdi.
Bu marafon 17-iyun – Butunjahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni munosabati bilan Ekologiya vazirligi tomonidan tashkil etildi.
Yugurish «Aral Eco Marathon» marafoni doirasida o‘tkazildi. Maqsad jahon hamjamiyatining e’tiborini ushbu mintaqaning ekologik muammolariga qaratish va barchani sayyoramizni saqlab qolish uchun faol qadamlar tashlashga undashdir.
«Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Orol dengizining suvi qurigan hududida global ekologik muammoning oldini olish va aholining ijtimoiy-iqtisodiy yashash tarzini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. – Xususan, 2018–2022-yillar oralig‘ida 1,6 mln gektar maydonda «yashil qoplamalar» himoya o‘rmonzorlari barpo qilindi.
2023-yilda esa Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida 128 ming gektar maydonda «yashil qoplamalar» yaratildi. Bundan tashqari, har yili 100 gektardan kam bo‘lmagan hajmda saksovul niholxonalari tashkil etildi».
Ta’kidlash joizki, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida joriy yil bahor mavsumida o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 21,8 mln dona iqlim sharoitga mos manzarali, mevali daraxt va butalarning ko‘chat va qalamchalari yetkazib berildi.
Yangidan 500 gektar hududda tuproq-iqlim sharoitga mos daraxt va butalar turlaridan niholxona va ko‘chatxonalar tashkil etildi.
Qolaversa, joriy yilda Nukus shahri atrofida 5 km masofada 3590 ta, Urganch shahri va Urganch-Gurlan avtomobil yo‘li atrofiga 5 km masofada 2500 ta katalpa, qayrog‘och, yapon saforasi kabi tuproq-iqlim sharoitga mos daraxtlar ko‘chatlari ekilib, «yashil belbog‘lar» barpo qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter