Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ota-onaning «uy», «to‘y», «mashina» vasvasasi yoxud xorijda ishlayotgan qiz nega yig‘lab yubordi?

Ota-onaning «uy», «to‘y», «mashina» vasvasasi yoxud xorijda ishlayotgan qiz nega yig‘lab yubordi?

foto: internet, ochiq manba

Bugun bir qiz «Aka, ijara haqini to‘lashga pulim yetmay qoldi. Yordam qilib tura olmaysizmi?», deb yozib qoldi. U qiz Yaponiyaga kelganida 20 yosh edi. Oradan 10 yillar o‘tdi. O‘qidi, endi ishlayapti. Kvartirasiga puli yo‘q. Nimaga? Nafsi o‘pqon oila-a’zolari, ya’ni aniqrog‘i onasi sababli. Shu qiz bechora ham o‘qib ham ishlab, ota-onasining to‘kilay degan uylarini remont qildirdi, mashina olib berdi. O‘zidan oldin singillari erga tegib ketdi. O‘zi haliyam turmushga chiqmagan. Onasi singillariga eng zo‘r sarpolarni majburlab qildiribdi. Eng yomoni, hozirgi oddiy mashina uydagilariga yoqmay qolibdi. Malibu olarmish mana shu yergacha chidadi bechora qiz – o‘kirib yig‘lab yubordi. «Menchi, men qachon turmush quraman? Nimaga ularni yallo qilib yurishiga men xor bo‘lishim kerak», dedi! Rosa,  yuragim ezildi.

Shaxsan o‘zim bunga o‘xshagan taqdirlarni 100 dan oshig‘i bilan gaplashib ko‘rganman. «Akangga mashina olishimiz kerak, ukanga dang‘illama to‘y qilishimiz kerak, opangning eriga falon qilishimiz kerak», kabi gaplar bilan qurbon bo‘layotgan yoshlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman.

Ey, baraka topgurlar, Yaponiyada yurgan qizingiz, to‘yib ovqatlanmayapti. To‘yib uxlamayapti, shunchaki sizlarning nafsingiz yo‘lida qurbon bo‘layapti. Chiroyli joyda rasm tushgan bo‘lsa, ishga ketayotib, yo‘lda tushib oladi bechoralar. Kechasi bilan ishlab, kunduzi yana ishlayapti. 24 soat ishlayapti. Tasavvur qilayapsizmi? Siz dugonalaringiz bilan gap-gashtakda, to‘y-hashamda yurganingizda bu bechora uyqusizlikdan boshi aylanib, burni qonab ishlab yuribdi. Bechoralarda shunchalik bosim kattaki, oila ham qurolmaydi, uyoqdagilarni o‘ylab. Gaplashib ko‘rsangiz, «Menga uy-puy kerakmas, hech narsa kerakmas, qaytmayman», deb zada bo‘lib qolganlari ham ko‘p!

Kuniga 100 dollar topar ekan deb, nafsingiz battar o‘pqon bo‘lmasin. Kuniga 100 topsa, odamga o‘xshab yashash uchun 80 dollarini xarajat qilishi kerak. Ham o‘qish, ham kontrakt to‘lash, ham sizlarni boy ko‘rsatishga harakat qilish juda qiyin!

Keladigan yoshlarimizning deyarli hammasini bo‘ynida yuk. Yemasa, yemaydi uyoqdagilarni o‘ylaydi. «Endi, Toshkentdan uy olishimiz kerak qizim», deb qolishadi.

U to‘yib ovqatlanishi kerak, o‘qishi kerak, ey baraka topgurlar. Namuncha bosim qilasizlar?

Shu o‘zbekni bolasi siz bosim qilavermasangiz ham aka-ukasi, ota-onasini o‘ylaydi. Faqat vaqt bering oyoqqa turib olsin, o‘zini eplab olsin, keyin o‘zi yordam beradi hammasiga.

Bizni millatdan boshqa millatda ko‘rmadim shunaqa nafsi hakalak otganlarni. Nepal, Hindiston, Vetnamdagilar bizdan qashshoq yashashadi. Ammo, farzandlarini «Yaxshi o‘qi», deb jo‘natishadi. Natijada, kelajakda katta-katta natijalarga erishishayapti. Biznikilar bo‘lsa, bechoralar shunchaki o‘zini qurbon qilishadi. Boshqa farzandlaringiz uchun, to‘y-hashamingiz uchun, mahallada tilingiz bir qarich bo‘lishi uchun bitta farzandingizni shunchaki qurbon qilib qo‘yaverasizmi?

Ishoning, Yaponiyada ham, boshqa davlatda ham oson pul topib bo‘lmaydi. Bo‘ldi qiling, dang‘illama to‘y, dang‘illama uy, «yana-yana», deb, o‘z vasvasangizni bolaga ham yuqtirmang. Sizga onam xafa bo‘lmasin deb aytolmaydi. Qiynalayotganini sizga ko‘rsatgisi kelmaydi. Birdan, nozik joyiga zarba berasiz. «Men sizlarni qiynalib tuqqanman, qiynalib katta qilganman, falon qilganman» deb! Qayerdadir, qaysidir avlod «uy, to‘y, mashina», degan vasvasadan qutulishimiz kerak-ku. Butun dunyo hashamat emas, komfortga qarab ketyapti.

Ey, ota-onalar, odamlarni ko‘zi uchun qiladigan to‘y-u, boshqa marosimlaringizni to‘xtating, erkaklar, keraksiz harajatlarni haddidan oshirayotgan ayolingizga «bo‘ldi qil» deyish sizning burchingiz...

Bahodir Iskandarov facebook sahifasidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring