Otasiga og‘ir jarohat yetkazgan o‘g‘ilning o‘zi shifoxonaga tushdi
Buxoroda o‘zaro janjal oqibatida otasini pichoqlab qo‘ygan 24 yoshli R.B. Toshkent Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasiga yotqizildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumani sudi raisi Bobir Umarov ma’lum qildi.
G‘ijduvon tumani «Baraka» mahalla fuqarolar yig‘inidagi Yangiyer qishlog‘ida yashab kelayotgan ota-o‘g‘il o‘rtasidagi o‘zaro shaxsiy kelishmovchilik janjalga aylangan. Janjal pichoqkashlik bilan yakunlangan.
Bildirilishicha, tug‘ma aqli zaif bo‘lgan R.B. bolaligidan G‘ijduvon tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi psixiatr xonasida «d» nazoratida turib davolanib kelayotgan bo‘lgan. Kim qanday ish buyursa, bajarib ketaveradigan R.B. ulg‘aygan bo‘lsa-da, xuddi bolalardek hatti-harakatda bo‘lgan.
«O‘g‘limni ayblamayman. Ammo, ayrim qo‘nshnilarning uning xasta, zaifligidan foydalanib, mendan bir og‘iz so‘ramay, jismoniy mehnat qildirishlari ko‘nglimni og‘ritardi. Bir kuni o‘zim ishdan charchab qaytsam, ayni tushlik vaqtida qo‘shnilarimdan biri o‘g‘limni chaqirib, mol-holiga qarattirgan, ishlatgan ekan»,-deydi R.B.ning otasi I.O.
Holatga ko‘ra, o‘g‘lining charchoq holda qaytganini ko‘rgan va achingan. Jahl ustida: «Nima uchun qo‘shnilarning uyiga borib ishlayapsan, sen yetimmisan, ularning ishini qilasan?»-degan or ustida ota. Aqlan zaif o‘g‘il otasining tanbehini haqorat, deb tushungan va u bilan janjallasha boshlagan. Janjal vaqtida yashash xonasidagi stol ustida turgan oshxona pichog‘i bilan otasining ko‘krak sohasiga bir marotaba qasddan zarb bilan urgan. Hodisani ko‘rib turgan I.O.ning qizi G.B. qo‘rqib ketgan va baqirib yuborgan. Singlisining ovozini eshitgan G‘.O. tezda yetib kelgan va holatni ko‘rab, zudlik bilan «Tez yordam» mashinasini chaqirgan.
«Shunday paytda ham ukam R.ning o‘zi ham qo‘rqib, qotib qolgan edi. U bir burchakda qaltirab, titrab o‘tirardi, xolos. Otamni kasalxonaga olib ketdik, ukamni esa ichki ishlar xodimlari olib ketishdi»,-deydi G‘.O.
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, o‘g‘il otasiga ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘ini teshib kiruvchi jarohat gemopnevmotorask (havo va qon to‘planishi) o‘pka VII-sigmenti jarohati, diafragma jarohati va oshqozonni teshib kiruvchi, hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir shikast yetkazgan.
Ish yuzasidan R.B.ning salomatligi qayta o‘rganilib, ambulator sudga oid ruhiy ekspertiza o‘tkazilgan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 18-moddasi hamda 93-moddasi 1-qismining «v» bandiga asoslanib, unga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan. Ushbu xulosaga ko‘ra, aybdor zudlik bilan Toshkent Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasida majburiy davolanishga jo‘natilgan. Ajrimni ijrosi Buxoro viloyat 4-son tergov hibsxonasi zimmasiga yuklatilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter