O‘tgan 9 oy davomida 46 ming 153 nafar bemor telemeditsina orqali konsultatsiya qilindi

Joriy yil yurtimizdagi barcha respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va ularning 211 ta hududiy filiallari va yo‘nalish bo‘yicha ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatuvchi bo‘lim va dispanserlarida telemeditsina aloqasi yo‘lga qo‘yildi.
Bu borada raqamlarni tahlil qilsak, 2021-yilning o‘tgan 9 oyi davomida telemeditsina orqali 11 ming 46 marotaba onlayn maslahatlar o‘tkazilib, 46 ming 153 nafar bemor konsultatsiya qilindi.
Bundan tashqari,
3412 ta onlayn konsiliumlar;
493 ta seminar;
689 ta onlayn master klass darslari;
234 ta onlayn namoyishli jarrohlik amaliyotlari tashkil etildi.
Shuni ta’kidlash lozimki, telemeditsina bir qator afzalliklarga ega bo‘lib, u orqali bemor va shifokor o‘rtasidagi masofa hamda davolash xarajatlari sezilarli darajada qisqaradi.
Shuningdek:
mazkur amaliyot malakali shifokorlar kam bo‘lgan uzoq va chekka hududlarda to‘g‘ri tashxisni belgilash va bemorga yuqori sifatli davolashni belgilashda muhim rol o‘ynaydi;
hududlarda kadrlar yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammolarni hal etadi;
chet elga chiqish zaruriyatisiz masofaviy ta’lim olish va shifokorlar malakasini oshirish imkonini beradi;
yuqumli kasalliklarni davolashda tibbiyot xodimlarining kasallikni yuqishi xavfini minimallashtiradi;
dunyoning istalgan nuqtasida bo‘lgan mutaxassislar ishtirokida murakkab operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beradi;
nodir kasalliklar uchun to‘g‘ri tashxis qo‘yish va to‘g‘ri davolanishni belgilash imkoniyatini yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda telemeditsina sohasini rivojlantirish doirasida shu yil Yevropaning nufuzli Robert Kox instituti hamda Sharite klinikasi vakillaridan iborat Germaniya delegatsiyasi O‘zbekistonga noyob telemeditsina robotini taqdim etgan edi.
Natijada Toshkent va Berlindagi shifokorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot almashinuvi imkoniyati yaratildi. Vaholanki, bugungi kunga qadar chet el mutaxassislari bilan videokonferensaloqa orqali bog‘lanib, bemorning tahlil natijalari taqdim etilar va unga ko‘ra ularda bemor to‘g‘risida tasavvur paydo bo‘lardi.
Ayni paytda mazkur uskuna Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida foydalanilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter