Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek tilida bexato va tez yozish imkoniyatlarini sinovchi «TezYoz» sayti ishga tushdi

O‘zbek tilida bexato va tez yozish imkoniyatlarini sinovchi «TezYoz» sayti ishga tushdi

Hozirda yurtimiz aholisining katta qismi - 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Mamlakatimizda kirill va lotin yozuvlaridan birini tanlash necha yillik muammo bo‘lib qolmoqda. Bu esa o‘z navbatida ham kirill, ham lotin yozuvida imlo qoidalarining qo‘pol buzilish holatlarini keltirib chiqardi. Jahon reytinglarida savodxonlik darajasi borasida olqishlanadigan yurtda (maktab ta’limiga oid ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 90 foizdan yuqori qismi savodxon deya tan olingan) esa asl vaziyat tubdan farq qiladi - internet va kundalik muloqot jarayonida o‘zbek tili qoidalariga deyarli e’tibor berilmaydi.

Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yoshlarga oid 5 tashabbusi doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yangi «TezYoz» loyihasi ishga tushirildi. 2020-yilning 8-fevral kunidan boshlab nafaqat yoshlar, balki o‘zbek tilida muloqot qiluvchilarning barchasi mazkur platformaning qulayliklaridan unumli foydanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Yoshlar endi sh, ch va o‘ harflarini w, 4 va 6 tarzida yozmasliklari mumkin.

Ushbu sayt har bir foydalanuvchining o‘zbek tilida bexato va tez yozish imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazadi. Jarayonning o‘yinga moslashtirilgani (geymifikatsiyalangani) keng auditoriya, asosan, maktab o‘quvchilari orasida tez vaqt oralig‘ida ommalashishini ta’minlaydi.

Sinov rejimi

«TezYoz» saytining bosh sahifasida sayt imkoniyatlari keltirib o‘tilgan. Foydalanuvchilar «Sinov rejimi»ni tanlab, ma’lum vaqt chegarasi davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri matn (matnlar biror asardan parcha yoki yakka so‘zlardan iborat bo‘lishi mumkin) yozib ko‘rishlari mumkin. Matnda so‘zlar to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri yozilayotgani, vaqt sarfi ko‘rinib turadi.

Belgilangan vaqt oxiriga yetgach, foydalanuvchi ushbu soniyalar davomida to‘liq matndan nechta so‘z yozgani, ularning qay biri to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligi ma’lum bo‘ladi. Tezlik o‘ziga xos - so‘z/vaqt o‘lchovida aniqlanadi.

Onlayn bellashuv

Saytda boshqa foydalanuvchilar bilan ham o‘zaro bellashish mumkin. Kimning qaysi o‘rinda ekanligi real vaqt davomida ko‘rinib turadi. Natijalar (to‘g‘ri va noto‘g‘ri so‘zlar, tezlik) esa o‘yin so‘ngida e’lon qilinadi.

Tanlovlar

«TezYoz» platformasida tanlovlar ham tashkil etiladi. Ularda saytda ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar qatnasha oladilar. Tanlov ishtirokchisi sinov rejimidagi kabi matn yozib, keyingi urinishlarda ham o‘z tezligini yaxshilab borishi mumkin.

Yuqori o‘rindagi ishtirokchilarning ro‘yxati natijalarga qarab, yangilanib turadi va barcha uchun ochiq bo‘ladi. Tanlov muddati tugagach, ro‘yxat peshqadami e’lon qilinadi va taqdirlanadi (tanlovlar mukofoti e’lon qilib boriladi).

Ilk tanlov Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunlari oralig‘ida tashkil etilishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi jamoasi «TezYoz» patformasi orqali aholi va yoshlar orasida o‘zbek tilida bexato yozishni o‘ziga xos harakatga aylantirish va natijada davlat tilining nufuzini oshirish, uning sofligini saqlashni yangi bosqichga ko‘tarishni o‘z maqsadlaridan biri sifatida ilgari surmoqda.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring