Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston 15 yil deganda ilk bor «qora ro‘yxat»dan chiqarildi

O‘zbekiston 15 yil deganda ilk bor «qora ro‘yxat»dan chiqarildi

Foto: Xabar.uz

O‘zbekistonning AQShdagi Elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, 2020-yil 28-aprel kuni AQShning Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha komissiyasi (USCIRF) 2019-yilda dunyoda e’tiqod erkinligi holati baholangan navbatdagi hisobotini e’lon qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

2005-yildan beri ilk marta AQShning Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha komissiyasi Davlat departamentiga O‘zbekistonni «diniy erkinliklar sohasida alohida xavotir uyg‘otadigan davlatlar» (CPC) ro‘yxatiga kiritishni taklif qilmadi.

Ushbu qaror O‘zbekistondagi ilgarilash e’tirof etilganini ko‘rsatdi, zero Davlat departamenti 2018-yil dekabr oyida respublikani «CPC»dan chiqarganiga qaramay Komissiya mamlakatni diniy erkinliklarni buzuvchilarning «qora ro‘yxati»ga kiritilishi kerakligini ta’kidlab kelgan.

«Bizni 2019-yilda ba’zi hukumatlar, xususan ikki davlat tomonidan ko‘rilgan ijobiy choralar hayratga soldi, ular din va e’tiqod erkinligi uchun yanada xavfsiz muhitni yaratishda USCIRF bilan yaqin hamkorlik qilmoqda», – dedi Komissiya raisi Toni Perkins.

Komissiya rahbari 2019 yilda «O‘zbekiston diniy guruhlar uchun ko‘proq erkinlikni ta’minlash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishda sezilarli ilgarilashga erishganini» qayd etdi.

Komissiya raisi o‘rinbosari Nadin Maenza ham «The Washington Post» nashriga bergan intervyusida shu kabi bayonot qildi. AQShning yetakchi nashri maqolasida Komissiya tomonidan O‘zbekistondagi diniy erkinliklarni ta’minlash sohasidagi ilgarilash yuqori baholangani alohida ta’kidlangan.

Hujjatda O‘zbekiston e’tiqod erkinligi sharoitlarini yaxshilash borasida sezilarli choralar ko‘rgani ta’kidlanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida hukumat ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatayotgan diniy jamoalarga reydlar uyushtirish amaliyotiga chek qo‘ydi. Avgust oyida «Jasliq» turmasi yopildi. Hisobotning O‘zbekistonga bag‘ishlangan bo‘limida «Hukumat e’tiqod erkinligini yaxshilash maqsadida AQSh va boshqa xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikni ham davom ettirdi», – deya ko‘rsatilgan.

«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi yangi qonunni qabul qilish jarayonining yakunlanmaganligiga hamda diniy sababalarga ko‘ra qamalganlarni ozod qilish amaliyotini davom ettirishning zarurligiga e’tiborni qaratgan holda Komissiya hisobotda O‘zbekistonni «maxsus kuzatuv ro‘yxati»da saqlab qolishni tavsiya qilmoqda.

Diniy erkinlik bo‘yicha AQSh Komissiyasi vakillari 2019-yil may va sentabr oylarida O‘zbekistonga tashrif buyurganini eslatib o‘tamiz. O‘zbekistonning AQShdagi Elchixonasi Komissiya bilan aloqa o‘rnatgan va doimiy muloqotda bo‘lib turibdi, tashkilot komissionerlari va ekspertlari bilan muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring