O‘zbekiston va Chernogoriya turizm tadbirkorlari muloqoti o‘tkazildi
Bugun, 25-aprel kuni Toshkent shahrida joylashgan Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida Work Shop Montenegro 2023 – O‘zbekiston va Chernogoriya davlatlari turizm tadbirkorlarining ikki tomonlama ochiq muloqoti o‘tkazildi.
Tadbir O‘zbekistonning Pestige Travel kompaniyasi va Chernogoriyaning “R-Tours Budva” kompaniyalari tashabbusi bilan Madaniyat va turizm vazirligi hamkorligida tashkil yetildi. Unda Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov, ikki davlatning yetakchi mehmonxona brendlari va turizm kompaniyalari rahbarlari ishtirok etishdi.
“Bugungi kunda turizmning O‘zbekiston iqtisodiyotida tutgan o‘rni o‘sib bormoqda. Buni o‘tgan yilda mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 5,2 mln. nafarga yetib, turistik xizmatlar eksporti 1,6 mlrd. AQSh dollaridan oshganidan ham bilish mumkin. Joriy yilda Yevropadan O‘zbekistonga kirib keluvchi sayyohlar soni keskin ortishi kutilmoqda. Bunda Chernogoriya davlati bilan turizm sohasida yo‘lga qo‘yilayotgan ikki tomonlama munosabatlarimiz ham alohida o‘rin tutadi.
Biz Chernogoriya davlatida yurtimizning tarixiy maskanlari, boy madaniy merosi va go‘zal tabiati bilan yaqindan tanishish maqsadida bo‘lganlar soni ortib borayotganligini qadrlaymiz va ularni mamlakatimizda ko‘rishdan mamnun bo‘lamiz”, deb aytib o‘tdi ochiq muloqotda Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov.
Tadbir davomida dastlab, xorijlik tadbirkorlarga O‘zbekistonda turizm yo‘nalishida yaratilgan imkoniyatlar va oxirgi yerishilgan yutuqlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shundan so‘ng tomonlar ikki mamlakatning turizm imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda o‘zaro manfaatli kelishuvlarga yerishish borasida muloqotga kirishdi.
“2023-yilning iyun oyidan boshlab O‘zbekiston va Chernogoriya o‘rtasida doimiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu ikki mamlakat turizm sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar uchun yangi imkoniyat va muhim qulayliklar yaratadi. Amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatlar aholisining sifatli hordiq chiqarishlari uchun muhimdir. Prestige Travel kompaniyasi bu borada yetarli tajribalar asosida faoliyat ko‘rsatadi. Sababi biz O‘zbekistonda ilk bor Misrga, Vetnamga hamda qator Yevropa davlatlariga birinchi marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar qo‘yib, sayohat uchun yo‘l ochganmiz”, deb ta’kidladi Prestige Travel kompaniyasi asoschisi Oybek Ahmedov.
Bu yil O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi xorijlik sayyohlar soni 7 milliondan ortishi kutilmoqda. O‘zbekistonning turistik salohiyatini dunyoga tanitish va Yevropa davlatlaridan kirib keluvchi sayyohlar sonini oshirishda mamlakatimizda turizmni jadal rivojlantirish hamda sohaning o‘sish sur’atlari uchun sharoitlar yaratilmoqda. Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda 5 mingga yaqin joylashtirish vositalari faoliyat ko‘rsatmoqda, respublika bo‘yicha sayyohlarni qabul qiluvchi o‘rinlar soni 100 mingdan ortdi.
Madaniyat va turizm vazirligi sohada mehnat qilayotgan tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab quvvatlagan holda mamlakatimizda yangi turizm yo‘nalishlari faoliyati uchun imkoniyatlar yaratib berish ustida ish olib borilmoqda. Bu bilan aholining turizm madaniyatini oshirish va ularning sifatli dam olishi uchun sharoit yaratilmoqda.
Ushbu tadbirni tashkil yetishda tashabbus ko‘rsatgan Prestige Travel kompaniyasiga 2018-yilda asos solingan bo‘lib, kompaniya tomonidan shu vaqtga qadar O‘zbekiston uchun yangi yo‘nalishlarda aviareyslar qo‘yilishida muhim tashabbuslar ko‘rsatib kelmoqda.
Jumladan, Prestige Travel kompaniyasi tomonidan 2018-yili Toshkentdan Misrning Sharm-al-Shayx shahrigaga ilk marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar amalga oshirila boshlandi. Shuningdek, 2021-yil may oyida Misrning yeng yirik turistik markazlaridan biri Hurgada shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, shu yilning o‘zida Vetnamning Phu Quok oroliga ham yangi yo‘nalish ochildi. Bundan tashqari, 2022-yilning yozida Vyetnamdagi kurort shaharlardan biri hisoblanmish Nha Trang shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar qo‘yildi.
Bugunning eng dolzarb yangiliklaridan biri esa, Prestige Travel kompaniyasi tomonidan 2023 yilning iyunidan boshlab, Chernogoriyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar amalga oshirila boshlanadi, va e’tiborlisi, endi Chernogoriyaga borishda O‘zbekiston fuqarolaridan viza talab etilmaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter