Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda havo sifatini yaxshilash uchun 900 mlrd so‘m ajratiladi

O‘zbekistonda havo sifatini yaxshilash uchun 900 mlrd so‘m ajratiladi

2025-yilda O‘zbekistonda atmosfera havosini muhofaza qilish va ekologik vaziyatni yaxshilashga doir loyihalarni moliyalashtirish uchun 900 milliard so‘m ajratiladi.

Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi chiqishida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mablag‘lar sanoat korxonalarida filtratsiya va tozalash tizimlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, ekologik dasturlarni kengaytirishga sarflanadi.

Shuningdek, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekovning qo‘shimcha qilishicha, ekologik loyihalar uchun kelasi yilda budjet qo‘shimcha daromadlari hisobidan yana 548 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

Mazkur chora-tadbirlar sanoat chiqindilarining zararini kamaytirish, havoning ifloslanish darajasini pasaytirish va aholining sog‘lom yashash sharoitlarini ta’minlashga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 18-noyabrdagi PQ-343-son qaror bilan O‘zbekistonda Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish jamg‘armasi tuzilgan va unga 900 mlrd so‘m ajratilishi belgilangan edi. Qayd etilishicha, ushbu mablag‘ning bir qismi – davlat qarzini so‘ndirish uchun ko‘zda tutilgan mablag‘ hisobidan beriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring