O‘zbekistonda o‘rmon hududlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi

Jizzax shahrida Ekologiya vazirligi huzuridagi O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi tomonidan “O‘rmon agentligiga yuklatilgan eng muhim vazifalarning 2025 yil yanvar – iyun oylaridagi ijrosi yakuniy natijalari va yil oxiriga qadar amalga oshiriladigan ishlar muhokamasi”ga bag‘ishlangan hay’at yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Agentlikning boshqarma va bo‘lim boshliqlari, tizim tashkilotlari, hududiy davlat o‘rmon xo‘jaliklari mas’ullari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni Agentlik direktori Erkin Muhiddinov kirish so‘zi bilan ochib, tizimda bajarilgan ishlar haqida ma’ruza qildi.
“Barchangizni hisobot yig‘ilishida ko‘rib turganimdan mamnunman. Birinchi yarim yillikda sohada bir qator ishlar amalga oshirildi. Bugun har bir yo‘nalish bo‘yicha davlat o‘rmon xo‘jaliklarida qilingan ishlarni tahliliy ko‘rib chiqamiz”, – dedi E. Muhiddinov.
Tadbirda so‘z olgan Agentlik direktori o‘rinbosarlari – G‘.Qarshiboyev va G‘.Qurbonovlar maqsadli o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish tadbirlari, o‘rmonlar hududini kengaytirish, ijara munosabatlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish kabi masalalar yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.
Yakunda sohada uzoq yillardan buyon mehnat qilib kelayotgan bir guruh xodimlar "Tabiat himoyachisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
“Smart Forestry” – axborot tizimi joriy etiladi
“Smart Forestry” — Koreyaning KFWP granti asosida yaratilayotgan, o‘rmon xo‘jaligi sohasini raqamlashtirishga qaratilgan milliy platforma. Maqsad monitoring, tahlil va elektron xizmatlar orqali samaradorlikni oshirish. Tizimning boshlang‘ich jarayoni 2025 - yil yakuniga qadar ishga tushiriladi.
Har bir bajarilgan ish jarayoni tizimda ochiq ko‘rinib turadi. Buning natijasida korrupsiya holatlarining oldi olinadi. Bu haqida hay’at yig‘ilishida O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov ma’lum qildi.
Jizzaxda mahalliy iqlim sharoitiga mos ko‘chatlar yetishtirilmoqda
Hay’at yig‘ilishi doirasida tadbir ishtirokchilari Jizzax davlat o‘rmon xo‘jaligi tasarrufidagi ko‘chatxona bilan yaqindan tanishishdi.
Shahar markazida joylashgan ushbu ko‘chatxona 16 gektar maydonni egallagan bo‘lib, uning 7 gektarida ignabargli, 9 gektarida esa boshqa manzarali daraxtlar va butasimon gullar parvarish qilinayapti. Mutaxassislarning aytishicha, xo‘jalikda agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida sifatli amalga oshirilmoqda. Shu sababli yetishtirilgan ko‘chatlar ancha xaridorgir.
Qayd etilishicha, hozirda o‘rmon xo‘jaligida ko‘chat yetishtirishning innovatsion yechimlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Turkiya, Serbiya, Polsha davlatlaridan keltirilgan, mahalliy iqlim sharoitiga mos mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ham yetishtirilmoqda.
“Yashil to‘lov” elektron tizimi ishga tushiriladi
“Smart Forestry” axborot tizimining bir qismi hisoblanuvchi ushbu innovatsion yechim joriy etilishi natijasida ko‘chat va o‘rmon mahsulotlarining onlayn savdosi yo‘lga qo‘yiladi.
Ijara munosabatlari – yer uchastkalari bo‘yicha to‘lovlar, qarzdorliklar hisoboti avtomatlashtiriladi. Onlayn geoxarita tahlilida yerlarning holati, ko‘chatxonalar, turizm yo‘nalishlari kabi ma’lumotlar yangilanib boriladi.
Hay’at yig‘ilishida ushbu yangiliklar haqida tahliliy fikrlar bildirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter