O‘zbekistonda qizamiqning og‘ir asoratini davolashning zamonaviy usuli joriy etildi
O‘zbekistonda qizamiqning og‘ir asoratlaridan biri — o‘tkir osti sklerozlashgan panensefalitni (SSPE) erta aniqlash va bemorlarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha imkoniyatlar kengaytirilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, qizamiq bilan kasallangan har 100 ming nafar boladan o‘rtacha 4–11 nafarida keyinchalik ushbu og‘ir asorat rivojlanishi mumkin.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil 3 noyabrdagi Prezident qaroriga muvofiq, SSPE bilan kasallangan bolalarni maxsus dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan bepul ta’minlash uchun zarur mablag‘lar ajratilmoqda. Tibbiyot muassasalarida kasallikni tashxislash va davolash imkoniyatlari ham kengaytirilmoqda.
Kasallikni davolash va bemorlarni reabilitatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar nevrolog, virusolog va immunologlar ishtirokida ishlab chiqilgan. Ular Bolalar milliy tibbiyot markazidan tashqari, mamlakatning 13 ta hududida ham qo‘llanmoqda.
Shuningdek, Bolalar milliy tibbiyot markazida SSPE kasalligini davolashda zamonaviy usullardan biri — Ommaya rezervuari orqali dori vositalarini bosh miyaga yetkazish usuli joriy etilgan. Markaz vakilining ta’kidlashicha, ushbu usul yil boshidan buyon qo‘llanmoqda.
Bugungi kunda Bolalar milliy tibbiyot markazi va hududlardagi ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazlarida SSPE bilan kasallangan bolalar uchun statsionar o‘rinlar tashkil etilgan. Bu bemorlarga zarur muolajalarni o‘z vaqtida olish imkonini bermoqda.
Kasallikni aniqlash uchun laboratoriya imkoniyatlari ham kengaytirilgan. Vazirlikka ko‘ra, Toshkent shahri bilan bir qatorda hududlarda ham zamonaviy laboratoriya uskunalari mavjud. Shu bilan birga, ushbu yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish ishlari olib borilmoqda.
So‘nggi bir yil davomida hududlarda birlamchi va statsionar tibbiyot tizimida faoliyat yurituvchi shifokorlarni o‘qitish tashkil etilgan. Shuningdek, Bolalar milliy tibbiyot markazi mutaxassislari hududlardagi shifokorlarga telemeditsina orqali maslahatlar bermoqda.
Vazirlik SSPE kasalligini davolash qiyin bo‘lsa-da, uning oldini olishda qizamiqqa qarshi emlanish muhimligini ta’kidladi. Mutaxassislar ota-onalarni farzandlarini belgilangan muddatlarda qizamiqqa qarshi emlatishga chaqirmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter