O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalari va mahkumlar soni e’lon qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tgan yig‘ilishda Murojaatnomada prezident tomonidan inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash muhokama qilindi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 54 ta jazoni ijro etish muassasalari mavjud. Shundan 18 tasi yopiq turdagi, 25 tasi manzil koloniya va 11 tasi tergov hibsxonlaridir. Ichki ishlar vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, jazoni ijro etish tizimida 22 mingdan ortiq, shundan 7 mingdan ortig‘i manzil koloniyada, 14 mingdan ortiq mahkumlar yopiq turdagi koloniyalarda jazo muddatini o‘tamoqda.
Ta’kidlash joiz, 2020-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, AQShda har yuz ming odamdan 639 nafari, Rossiyada 340 nafari, Turkiyada 335 nafari, Belarusda 343 nafari, O‘zbekistonda 68 nafari jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tamoqda.
Shuningdek, jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni saqlash sharoitlarining shaffofligini ta’minlash hamda qiynoq va jismoniy tazyiq o‘tkazish bilan bog‘liq salbiy holatlarning oldini olish maqsadida tizimdagi 54 ta jazoni ijro etish muassasalari 3 280 dona zamonaviy videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan. Shundan, 2 203 tasi jazoni ijro etish muassasasi yashash sahniga, 432 tasi ishlab chiqarish sahniga, 645 tasi tashqi ma’muriy hududga o‘rnatilgan.
Tadbirda Murojaatnomada davlatimiz rahbari tomonidan bu sohada galdagi vazifa sifatida 25 ta manzil-koloniyalar bosqichma-bosqich qisqartirilishi, birinchi marta ozodlikdan mahrum etilgan shaxsga berilgan jazo yengilrog‘i bilan almashtirilganda to‘g‘ridan-to‘g‘ri probatsiya nazoratiga olinishi hamda jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish va shartli ozod qilish to‘g‘risida taqdimnoma kiritish vakolati jazoni ijro etish muassasalaridan yangi tashkil etiladigan insonparvarlik komissiyalariga o‘tkazilishi bo‘yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan fikr va mulohazarlar bildirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter