Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonning qo‘riqlanadigan hududida 4 ta qor qoploni tasvirga olindi

O‘zbekistonning qo‘riqlanadigan hududida 4 ta qor qoploni tasvirga olindi

Qashqadaryo viloyatidagi «Hisor» qo‘riqxonasi hududida tarixda birinchi marta 4 ta qor qoploni guruh bo‘lib yurgani kuzatildi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tizimidagi qo‘riqxona xodimlari tomonidan o‘rnatilgan fotoqopqonga noyob ko‘chib yuruvchi hayvonlar muhrlangan.

Qor qoploni, qor leopardi yoki ilvirs — mahalliy darajada keng tarqalgan va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan kichik tur sifatida TMXI Qizil ro‘yxati va O‘zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 dekabridan «Qizil kitobi»ga kiritilgan hayvonlarni ovlaganlik uchun jazoni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar kuchga kirdi, unga ko‘ra qor qoplonlarini noqonuniy ovlash BHMning 3000 barobari (1 milliard 20 million so‘m) miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi.

Kuzgi ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, «Hisor» qo‘riqxonasida 50-52 ga yaqin qor qoplonlari yashaydi. Shunisi e’tiborliki, qor qoploni bugungi kunda faqat sovuq iqlim sharoitida yashaydigan mushuksimonlar oilasining yagona tirik a’zosidir.

Qor qoplon tasviri Registon maydonida joylashgan Sherdor madrasasining asosiy kirish eshigi va milliy banknotda tasvirlangan. Shuningdek, mushuksimonlar oilasining qudratli vakili 2024 yilning 12–17 fevral kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan SMS SOR14 — Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishi ramzi sifatida ham tanlangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring