«O‘zbektelekom» davlat bayrog‘i mavzusida davra suhbati o‘tkazdi (video)
Davlat ramzlari tarixdan doimo ulug‘ va muqaddas hisoblab kelinadi. Xususan, mustaqilligimiz timsoli – milliy bayrog‘imiz o‘zida xalqimizning asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini mujassam etgan.
«O‘zbektelekom» AK tomonidan Kompaniya ijro apparati va tarkibidagi filiallar xodimlari, yoshlar yetakchilari va faollar ishtirokida Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan «Bayrog‘imiz – faxru g‘ururimiz!» mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida ham ayni shular haqida so‘z yuritildi.
Davra suhbati avvalida «O‘zbektelekom» AK Boshqaruv raisining tijorat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Javlon Islamov, Kompaniya Faxriylar kengashi raisi G‘olibsher Ziyayev so‘z olib, bayroq har bir xalq va millatning shonli o‘tmishi, buyuk kelajagi, an’ana va azaliy urf-odatlarini o‘zida aks ettirishini ta’kidladi.
Jumladan, Faxriylar kengashi raisi G‘.Ziyayev davlatimiz bayrog‘i xalqaro maydonlarda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalar, jahon ko‘rgazmalari va sport musobaqalarida mamlakatimiz timsoli bo‘lib turishini aytib o‘tdi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda sportchilarimiz qo‘lga kiritgan g‘alabali onlarda milliy bayrog‘imizning yuqoriga ko‘tarilishi har birimizga o‘zgacha g‘urur bag‘ishlashini alohida e’tirof etdi.
Shundan so‘ng, tadbir mehmoni – Yuridik fanlar doktori, professor Feruza Muhitdinova davra suhbati ishtirokchilariga Davlat bayrog‘ining qabul qilinishi va u haqida mamlakatimizning har bir fuqarosi bilishi lozim bo‘lgan muhim ma’lumotlarni berib o‘tdi.
Davra suhbati so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob olishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter