Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zkimyosanoat» Navoiy viloyati Ekoboshqarmasini noto‘g‘ri axborot tarqatganlikda ayblayapti

«O‘zkimyosanoat» Navoiy viloyati Ekoboshqarmasini noto‘g‘ri axborot tarqatganlikda ayblayapti

Bir muddat oldin Navoiy viloyati ekologiya boshqarmasi joriy yilning 19 iyul kuni «Navoiyazot» korxonasiga qarashli sanitar laboratoriya xodimlari bilan hamkorlikda havo tarkibini o‘rganishga doir tahlil o‘tkazilgani haqida aytilgan edi.

«O‘zkimyosanoat» AJ matbuot xizmati ham shu yilning 13-19 va 21 iyul kunlari Navoiy shahri hududini changsimon tutun qoplaganiga oid hodisaga o‘z munosabatini bildirib, viloyat ekoboshqarmasini noto‘g‘ri axborot tarqatganlikda ayblamoqda.

Kompaniya rasmiy munosabatida qayd etilishicha, «Navoiyazot» korxonasi hududi va atrofini nazorat qilish maqsadida 500 tadan ortiq zamonaviy kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Yer sathidan 120 metr balandlikdagi 10-15 km masofadagi jarayonni yaqqol ko‘rish imkoniyatini beruvchi kamera tasvirlarida esa atmosferaning ifloslanishiga sabab bo‘lgan changsimon tutun korxona hududidan tarqalmagani ko‘ringan.

«Tutun g‘arbiy hududdan havoga ko‘tarilib, shamol yo‘nalishi bo‘ylab «Navoiyazot» AJ usti va atrofidan o‘tib keyin butun shaharga tarqalgan», – deyiladi xabarda.

O‘z navbatida, kompaniya Viloyat ekologiya boshqarmasi korxonaga qarashli sanitar laboratoriya xodimlari bilan hamkorlikda tahlil o‘tkazmaganini, ya’ni bu jarayon haqida korxona vakillari xabardor etilmaganini ta’kidlaydi.

«Shuningdek, atmosfera tarkibida ammiak 1,4 barobar hamda vodorod sulfidining 16,8 barobar me’yordan yuqoriligi aniqlanganligi qayd etilgan.

Ta’kidlash lozimki, ammiak ham, vodorod sulfidi ham rangsiz, gazsimon modda bo‘lib, ko‘zga ko‘rinmaydi. Navoiy shahrini changsimon tutun qoplaganini esa aholi ko‘rib, guvohiga aylandi.

19 iyul kuni soat 7:30-8:00 oralig‘ida korxona mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida havo tarkibida ammiak mavjud emasligi aniqlangan. Korxonaga qarashli tiomochevina sexi joriy yilning fevral oyidan buyon faoliyat yuritmayapti. Shu bois, atmosferaga vodorod sulfidi chiqqanligi haqidagi ma’lumot mutlaqo asossiz.

Uglerod ikki oksidi esa ko‘mirning chala yonishi natijasida hosil bo‘ladi, «Navoiyazot» AJda esa mahsulot ishlab chiqarishda ko‘mirdan foydalanilmaydi», – deyiladi «O‘zkimyosanoat» AJ matbuot xizmati munosabatida.

Kompaniya, shu bilan birga, «Navoiyazot» korxonasi tomonidan atmosferani ifloslantiruvchi tashlamalar miqdorining me’yoridan oshmasligini nazorat qilish maqsadida 3, 23, 25-sexlarga 3 dona avtomatik gazoanalizator, jamiyatga qarashli sanatoriy-profilaktoriy hamda boshqarma hududiga 2 dona statsionar postlar o‘rnatilgani va bunga «Navoiyazot» AJ  mablag‘lari hisobidan 6 mlrd 186 mln so‘m mablag‘ sarflanganini, shuningdek, atmosferaga manbalardan tashlanuvchi tashlamalarni tutib qolish maqsadida 3-sex donadorlash minorasiga 1 dona skrubber, 23-sex donadorlash minorasiga 4 dona skrubberlar o‘rnatilganini qo‘shimcha qilgan. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring