Ozon qatlami – Yerning ko‘rinmas qalqoni

16 sentyabr – Xalqaro ozon qatlamini muhofaza qilish kuni. Bu sana BMT tomonidan 1994-yilda belgilab qo‘yilgan bo‘lib, insoniyatning tabiat oldidagi mas’uliyatini yodga soladi.
Ilmiy kashfiyotdan global harakatga
Ozon qatlami – Yerning yuqori qatlamlaridagi ko‘rinmas, ammo beqiyos ahamiyatli «qalqon». U insoniyatni va barcha tirik jonzotlarni zararli ultrabinafsha nurlardan himoya qiladi. Agar bu qatlam bo‘lmasa, teri saratoni, ko‘z kasalliklari keskin ko‘payishi, qishloq xo‘jaligi va ekotizimlar izdan chiqishi muqarrar edi.
1980-yillarda olimlar aniq dalillar bilan shu qatlamning zararli kimyoviy moddalar ta’sirida yemirilayotganini ko‘rsatdilar. Bu inson tarixida ilk bor global ekologik hamkorlikning boshlanishiga turtki berdi.
1985-yilda 28 davlat Ozon qatlamini muhofaza qilish bo‘yicha Vena konvensiyasini imzoladi. Oradan ikki yil o‘tgach esa, tarixda eng muvaffaqiyatli xalqaro kelishuv deb atalgan Monreal protokoli qabul qilindi. U sovutgichlarda, konditsionerlarda, aerozollarda ishlatiladigan xlorftoruglerodlar (CFC) va ularga o‘xshash moddalarni bosqichma-bosqich yo‘q qilishni nazarda tutardi.
Monreal – insoniyatning katta yutuqi
Protokol bir necha yo‘nalishda 100 ga yaqin kimyoviy moddalarni nazorat qiladi. Ularning har biri ozon qatlamini yemiruvchi potensialiga qarab belgilangan muddatlarda bosqichma-bosqich taqiqlandi. Bugungi kunda Monreal protokoli rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarda teng darajada muvaffaqiyat bilan amalga oshirilgan. Ko‘plab moddalar belgilangan muddatdan ham oldin yo‘q qilindi.
Yangi bosqich
2016-yilda Ruanda poytaxti Kigalida protokolga yangi o‘zgartirish kiritildi. Bu safar gap ozon qatlamini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yemirmaydigan, ammo iqlim o‘zgarishiga katta ta’sir ko‘rsatadigan gidroftoruglerodlar (HFC) haqida bordi. Ular ham bosqichma-bosqich qisqartirilishiga kelishildi.
Ozon qatlamining tiklanishi haqidagi yangiliklar umidbaxsh. Olimlar fikricha, agar belgilangan qoidalarga rioya qilinsa, 2050-yillarga borib ozon qatlami to‘liq sog‘ayishi mumkin. Bu insoniyatning hamjihatlik bilan tabiat foydasi yo‘lida harakat qilsa, ulkan yutuqlarga erisha olishini isbotlaydi.
Biz nima qila olamiz?
Eski konditsioner va sovutgichlarni freonni chiqarib yubormay, qoidalarga ko‘ra yo‘qotish, tabiatga zararsiz mahsulotlardan foydalanish, ekologik odatlarni kundalik hayot tarziga aylantirish asosiy maqsadimiz bo‘lishi kerak.
Ozon qatlami – ko‘zimizga ko‘rinmaydigan, ammo hayotimiz uchun juda muhim qalqon. Uni asrash – faqat olimlar yoki davlatlar emas, balki har bir insonning mas’uliyati.
Insoniyat tarixidagi ushbu tajriba bizga bir narsani o‘rgatdi: tabiatni asrashni kechiktirishga haqqimiz yo‘q.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter