Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pandemiya davrida O‘zbekistonda ishsizlar soni 2 millionga yaqinlashdi – vazir

Pandemiya davrida O‘zbekistonda ishsizlar soni 2 millionga yaqinlashdi – vazir

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekistonda pandemiyadan oldin ishsizlar soni o‘rtacha 1 million 350 mingga yaqin edi, pandemiya davrida ishsizlar soni qariyb 2 millionga yaqinlashdi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda 550 mingga yaqin mehnat muhojiri boshqa davlatlarga ishlash uchun chiqib keta olmagan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov Xalqaro press-klubning Farg‘ona viloyatiga bag‘ishlangan sonida O‘zbekistondagi ishsizlik darajasi haqida ma’lumot berdi.

«Barcha davlatlarga pandemiya o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatdi. O‘zbekistonda ham pandemiyadan oldin ishsizlar soni o‘rtacha 1 million 350 mingga yaqin edi, pandemiya boshlangach qator korxonalar faoliyati to‘xtatildi va ishsizlar soni qariyb 2 millionga yaqinlashdi», — deya statistik ma’lumotlarni ma’lum qildi vazir.

Ta’kidlanishicha, bu raqamlardan tashqari mehnat muhojirlariga tegishli statistikalar ham mavjud. Ayni paytda O‘zbekistonda 550 mingga yaqin fuqaro boshqa davlatlarga ishlash uchun chiqib keta olmagan.

«Ular bir necha yillar davomida boshqa davlatlarda ishlab kelishgan va qo‘llarida hunari, kasbi bor. Oldimizda turgan vazifa esa shunday fuqarolarning bandligini ta’minlashdan iborat.

Ijtimoiy soha ob’yektlarini qurish uchun Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasidan 3,6 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Har bir viloyatda 50-60ta ijtimoiy soha ob’yektlari qurilishi boshlandi», — dedi Nozim Husanov.

Vazirning qayd etishicha, hududlardagi Bandlik markazlari orqali chetga chiqib keta olmagan mehnat muhojirlari yashab turgan hududlarida qurilayotgan ob’yektlarga o‘z kasblari bo‘yicha ishga jalb qilinmoqda.

«Shuningdek, Toshkent shahri viloyatlar bilan ham bog‘langan. Masalan, o‘tgan oyda Sergeli tumanidagi qurilayotgan binolarga 1,5 mingga yaqin mehnat muhojirlarini qonuniy tarzda ishga oldik. Ular hozir 1,5 millon so‘mdan 4,5 milliongacha oylik maosh olyapti», — deya qo‘shimcha qildi vazir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring