Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Parlament chipta xarididagi tanish-bilishchilik illatiga e’tibor qaratdi

Parlament chipta xarididagi tanish-bilishchilik illatiga e’tibor qaratdi

Foto: Xabar.uz

O‘zbekistonda raqamlashtirish bo‘yicha bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirilganiga qaramay, avia va temiryo‘l transporti uchun chipta xarid qilish jarayonida korrupsiya va tanish-bilishchilik holatlari hamon saqlanib qolmoqda. Ushbu muammoga Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 8 fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida e’tibor qaratildi.

Quyi palataning Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasida Transport vazirligining «Avia va temir yo‘l transportlarida fuqarolarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi axboroti tinglangan.

Qayd etilishicha, avia va temir yo‘l transporti sohalarini isloh qilish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish, tizimga xususiy sektorni keng jalb qilish, boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

2023-yili O‘zbekistonda 11 ta xalqaro aeroport va uchish-qo‘nish maydonchalari orqali 85702 ta aviaqatnov amalga oshirilib, 10 mln 409 ming yo‘lovchiga, 70,870 ming tonna yuk va pochtaga xizmat ko‘rsatilgan. Aviakompaniyalar soni 9 tadan 15 taga yetkazilgan. Shuningdek, milliy aviaparkka xorijdan 28 ta havo kemasi olib kelinib, ularning umumiy soni 75 taga yetgan.

Temir yo‘l transportida ham mahalliy yo‘lovchilarni tashish yo‘nalishlari 6 taga oshirilib, 29 taga yetkazilgan. Yo‘nalishlarda 44 ta yo‘lovchi poyezd harakatlangan bo‘lib, shulardan 6 tasi yuqori tezlikda harakatlanuvchi, 6 tasi tezyurar, 16 tasi yo‘lovchi poyezdlari hamda 18 tasi shahar atrofida harakatlanuvchi elektropoyezdlardir.

Eshituvda sohada kamchiliklar ham mavjudligi qayd etildi. Jumladan, vagonlarda birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsata oluvchi mutaxassislar yo‘qligi, shahar atrofi hududlarga harakatlanuvchi zamonaviy tezyurar elektrpoyezdlari qatnovi hanuzgacha yetarli darajada tashkil etilmagani tanqid qilingan.

Shuningdek, mamlakatga lizing asosida olib kelinayotgan havo kemalari uchun aniq mezonning belgilanmagani, charter va muntazam parvozlarni amalga oshirish hamda xorijiy aviatashuvchilarni O‘zbekiston aviatashuvlar bozoriga jalb etish bo‘yicha mezonlarning mukammal emasligi, fuqaro aviatsiyasi sohasini raqamlashtirish va o‘zaro integratsiyalashda mezonlarning belgilanmagani e’tirozlarga sabab bo‘lgan.

Transport, xususan, temir yo‘l chiptalari olibsotarlar qo‘liga chiqishi ketishi «eski dard»lar sirasiga kiradi.

O‘tgan yili «Afrosiyob» tezyurar poyezdida xorijlik sayyoh o‘z o‘rnini ekonom klassdan VIP-klassga o‘zgartirish uchun poyezd boshlig‘iga 15 dollar bergani ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Pirovardida mazkur holat bo‘yicha poyezd boshlig‘i lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilingandi.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekistonda 20 yanvardan mahalliy poyezd chipta narxlari oshirildi. Yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdlari hamda «Sharq», «Nasaf» va «O‘zbekiston» tezyurar poyezdlarida narx oshishi 20 foizni tashkil etdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring