Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Poyezdda Toshkentdan Urganchgacha 6 soatda yetib borish mumkin bo‘ladi

Poyezdda Toshkentdan Urganchgacha 6 soatda yetib borish mumkin bo‘ladi

Foto: Xabar.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 28-noyabr kuni Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘lini elektrlashtirish loyihasi bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Ta’kidlanishicha, mamlakatimizda transport tarmoqlari izchil rivojlantirib kelinmoqda. Xususan, 2018-yilda Buxoro – Miskin temir yo‘li qurilib, Xivagacha masofa 242 kilometrga qisqargan edi. Shu bilan birga, elektr poyezdining unumdorligi 4,5 barobar yuqoriligini inobatga olib, mavjud temir yo‘llar elektrlashtirilmoqda. So‘nggi yillarda Qarshi – Kitob, Pop – Namangan – Andijon hamda Qarshi – Termiz yo‘nalishlari elektrlashtirildi.

Prezident xorazmliklar bilan uchrashganida 2024-yilda Xivaga tezyurar elektr poyezdi yo‘lga qo‘yilishini aytgan edi va bu reja O‘zbekiston Respublikasining 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturiga kiritildi. Shu tariqa, Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘lini elektrlashtirish boshlandi.

Taqdimotda bu ishlarning borishi va kutilayotgan natijalar haqida axborot berildi.

Mazkur loyihaning qiymati 445 million dollar. Shundan 270 million dollari Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankidan jalb etiladi. Loyiha doirasida Buxorodan Xivagacha bo‘lgan 465 kilometr temir yo‘l tarmog‘i elektrlashtiriladi, bekat, nimstansiyalar va boshqa inshootlar quriladi.

Yo‘lning samaradorligi, shunga yarasha, ancha oshadi. Masalan, poyezdlarning yuqori tezligi soatiga 250 kilometrgacha bo‘ladi. Natijada yo‘lovchilarning Toshkentdan Urganchgacha yetib borish vaqti 14 soatdan 6 soatga, Buxorodan Xivagacha 8 soatdan 3 soatgacha qisqaradi. Bu xalqimizga katta qulaylik yaratib, turizm rivojida ham muhim omil bo‘ladi.

Tezlik evaziga temir yo‘lning o‘tkazuvchanligi ham oshadi. Yuk tashish imkoniyati yiliga qo‘shimcha 11 million tonnagacha, yo‘lovchilar soni 2 million 300 ming nafarga ko‘payadi. Poyezdlar elektr energiyasida yurishi hisobiga yiliga 18 ming tonna dizel yoqilg‘isi tejaladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring