Poytaxtdagi «Navro‘z» istirohat bog‘i yil oxirigacha ishga tushiriladi

Toshkentda temiryo‘lchilar tomonidan qurilayotgan «Navro‘z» madaniyat va istirohat bog‘i yil oxiriga qadar ishga tushiriladi. Bu haqda «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur loyiha Prezidentimizning 2017-yil 7-avgustdagi «Toshkent shahrida «Navro‘z» bog‘ini qurish» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan hayotga tatbiq etilmoqda. Uni barpo etish vazifasi «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj» unitar korxonasi quruvchilariga topshirilgan. Ayni paytda bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilgan.
Bog‘ uchun 32 gektar yer ajratilgan bo‘lib, bu yerda 3 ming kishilik amfiteatr, diametri 72 metrlik charxpalak, har bir viloyat aholisining o‘ziga xos urf-odatlari, yashash tarzi, milliy hunarmandchilik, pazandachilik an’analarini aks ettiruvchi uylar va ustaxonalar, ayvonu choyxonalar qad rostlaydi. Muxtasar aytganda, bog‘ o‘zida ma’naviyatimiz, milliy qadriyatlarimizni aks ettirgan etnografik shaharcha sifatida barpo etiladi.
Ushbu bog‘ ochiq osmon ostida joylashgan haqiqiy muzey sifatida yurtimiz aholisi hamda sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otishi kutilmoqda.
Bu yerda ommaviy sayllar, konsertlar tashkil etib, Mustaqillik, Navro‘z kabi ulug‘ bayramlarini o‘tkazilish ham ko‘zda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter