Prezident barchamiz uzoq kutgan tarixiy g‘alabani tilga oldi

Yoshlar bilan uchrashuvda Prezident yaqinda yurtimizda barchamiz uzoq kutgan katta futbol bayrami bo‘lib o‘tganini esladi. Xalqimizning 34 yillik orzusi ushalib, milliy terma jamoamiz tarixda ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
«Yaqin-yaqingacha umrini paxta dalasida o‘tkazgan oddiy oila farzandlari ilmda, sportda, boshqa sohalarda bunday yuksak marralarni egallashini tasavvur qilish ham qiyin edi.
Biz yoshlarimiz uchun sharoit yaratdik, ular bundan unumli foydalanib, baland cho‘qqilarni zabt etmoqda.
Birinchi va ikkinchi Renessansni buyuk alloma va mutafakkirlarimiz yaratgan bo‘lsa, bugun tarix navbatni sizlarga bermoqda.
Ishonchim komil, sizlar barcha sohalarda mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga qodirsiz. Sizlar Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz!», — dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari hozirgi vaqtda dunyo notinch va murakkab bo‘lib borayotganini, tinchlik — eng buyuk ne’mat, inson qadri va adolat — eng oliy qadriyat ekani har qachongidan ham chuqur his etilayotganini ta’kidladi.
«Yuksak bilimli, dunyoqarashi keng, zamonaviy fikrlaydigan, texnologik savodxon yoshlari ko‘p bo‘lgan yurtda tinchlik va taraqqiyot, o‘zaro jipslik hamisha barqaror bo‘ladi.
Yoshlarimizga sifatli ta’lim va tarbiya berish, zamonaviy kasb va hunarlar, xorijiy tillarni o‘rgatish, hayotda munosib o‘rin topishi uchun zarur sharoitlar yaratish eng asosiy vazifamiz va burchimizga aylangan», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter