Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident o‘zbek tilining nufuzi oshirilishini aytdi

Prezident o‘zbek tilining nufuzi oshirilishini aytdi

Foto: Mass-media fondi

Prezidenti Shavkat Mirziyoyev inauguratsiya marosimidagi nutqida davlat tili haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

— Milliy qadriyatlarimizni yanada rivojlantirish, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini oshirish, madaniyat va san’atni yuksaltirish bilan bog‘liq vazifalar doimiy kun tartibimizda turadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari shuningdek muqaddas dinimiz g‘oyalari ham targ‘ib etilishini ta’kidladi.

— Muqaddas islom dinimizning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish, «jaholatga qarshi – ma’rifat» tamoyili asosida unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga alohida ahamiyat beramiz, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlar teng huquqli ekanini ta’kidladi.

— Sizlarga ma’lumki, O‘zbekiston – ulkan imkoniyat va boyliklarga ega mamlakat.

Lekin bizning eng katta boyligimiz – turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasidagi tinchlik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikdir, desam, o‘ylaymanki, barchangiz bu fikrga qo‘shilasiz.

Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari yagona va ahil oila bo‘lib yashayotgani, fidokorona mehnati bilan jonajon O‘zbekistonimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgani ayniqsa quvonarlidir.

Biz bunday bebaho boylik bilan haqli ravishda faxrlanamiz hamda davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini, mamlakatimizdagi do‘stlik va ahillik muhitini yanada mustahkamlashga yo‘naltiramiz.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti sifatida shuni alohida ta’kidlab aytaman: bizning davlat siyosatimizda bundan buyon ham barcha millat va elat vakillarining milliy o‘zligini, ona tili va madaniyatini, dini, urf-odat va an’analarini saqlab qolish va rivojlantirishga ustuvor ahamiyat beriladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring