Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentga Toshkent bosh rejasining mantiqiy davomi taqdimot qilindi

Prezidentga Toshkent bosh rejasining mantiqiy davomi taqdimot qilindi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Davlatimiz rahbari Toshkent va Yangi Toshkent shahri uchun “yechimlar atlasi” taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizning iqtisodiy rivoji poytaxtimiz qiyofasida yaqqol namoyon. Barcha tumanlar va shahar atrofida bunyodkorlik sur’ati jadal. So‘nggi yillarda Yangi Toshkent qurilishi ham boshlanib, bir butun megapolisga aylanmoqda.

Hududni muvozanatli rivojlantirish maqsadida Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasi qabul qilindi. Unda shaharning qurilish rejalari, muhandislik va yo‘l-transport infratuzilmasi, muhofaza hududlari bo‘yicha asosiy ko‘rsatkichlar belgilangan.

“Yechimlar atlasi” ushbu Bosh rejaning mantiqiy davomi bo‘lib, unda shaharning tashqi qiyofasi, ko‘chalar muhiti bo‘yicha umumiy talablar qayd etilgan. Bu katalog-ma’lumotnoma qurilmalarni loyihalashtirish, o‘rnatish va ulardan foydalanish qoidalarini qamrab olgan beshta kitobdan iborat. Har bir qismda jamoat joylarini tashkillashtirish va obodonlashtirish, binolarning tashqi qismini yagona me’moriy qiyofaga keltirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

Masalan, hozirgi standart bo‘yicha yo‘llarni qurish va ta’mirlash qatnov qismining “qizil chizig‘i”gacha bajariladi. Rivojlangan shaharlar tajribasida bu ko‘chaning ikki tarafidagi binodan binogacha tamoyilida amalga oshiriladi. Shunda oraliqda qarovsiz joy qolmay, yo‘l bo‘yi yaxlit va mutanosib obodonlashtiriladi.   

Atlas shahar muhitini loyihalashda barqaror rivojlanish maqsadlarini hamda milliy koloritni tatbiq etishga xizmat qiladi. Uyg‘un va ekologik toza maskanlarni yaratishga ko‘maklashib, aholining hayot sifatini yaxshilaydi. Ochiq jamoat joylarini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalarda xatolarga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi.

Taqdimotda ushbu talablarning mazmun-mohiyati va undan kelib chiqadigan vazifalar ko‘rib chiqildi. Shaharning o‘ziga xosligini saqlagan holda qiyofasini yanada yaxshilash, yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirish, turmush madaniyatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring