Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentlar Samarqandni ziyorat qilishdi (foto)

Prezidentlar Samarqandni ziyorat qilishdi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning Samarqandga tashrifi Islom Karimov maqbarasi ziyoratidan boshlandi. U davlatimiz rahbari hamrohligida majmuaga borib, Birinchi Prezidentimiz qabriga gul qo‘ydi. Qur’on oyatlari o‘qilib, duo qilindi.

Bu xalqimizga bo‘lgan hurmat, qardoshlarga xos oqibat ifodasi bo‘ldi.

Turkmanistonlik mehmonlar Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasini borib ko‘rdi.

Ushbu majmua buyuk olim qurdirgan rasadxona yonida tashkil etilgan. Muzey ikki zal va olti bo‘limdan iborat. Undan Mirzo Ulug‘bek davriga oid yuzdan ziyod ashyolar, kitoblar, qo‘lyozmalar, asl nusxadagi kvadrant asbobi o‘rin olgan.

Buyuk bobomizning nodir rasadxonasi, yuksak ilmu zakovati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Amir Temur maqbarasini ham ziyorat qildi. Bobokalonimiz ruhiga Qur’on tilovat qilindi.

Mehmonlarga buyuk Sohibqironning hayoti, sarkardalik mahorati, ulkan davlati haqida so‘zlab berildi. Ma’lumki, Amir Temur o‘zi idora qilgan o‘lkalarda ilm, madaniyat, savdo va hunarmandchilikni rivojlantirgan, mustahkam obidalar qurdirgan. Xususan, hozirgi Markaziy Osiyo davlatlarida Sohibqiron bobomizning merosi alohida qadrlanadi.

Davlat rahbarlari Registon majmuasiga tashrif buyurdi.

Majmuadagi uch muhtasham obida – Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalarining tarixi haqida so‘zlab berildi. Xalqimizning me’morchilik an’analari, maqbaralardagi naqshlar va ulardagi ma’nolar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov shu yerda esdalik uchun suratga tushdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring