Qancha kitob o‘qish kerakmi, qanday kitobni o‘qish kerak?
Kitob mutolaasi ko‘ngil xohishi bilan bog‘liq mashg‘ulot. Albatta, hech kim birovni kitob o‘qishga majburlay olmaydi. Aksincha, mutolaaga da’vat etish mumkin xolos. Ammo Eduar Labule: «Taraqqiyotning umumiy ko‘lamida har bir xalqning o‘rni o‘sha xalq o‘qiyotgan kitoblarning soni bilan belgilanadi», – deb yozadi.
Kitob o‘qimagan odam yashay olmaydi degan gap yo‘q, ammo yashashda ham yashash bor-da! Kitoblar insonga o‘zlikni, dunyoni anglash, hayot mazmunini tushunish imkonini beradi. Badiiy adabiyotsiz fikriy teranlikka erishib bo‘lmaydi. «Radio, televideniye, internet bor-ku, ular ma’naviy ehtiyojimizni qondirolmaydimi?», – dersiz. Ular hech qachon kitobning o‘rnini bosolmaydi. Badiiy adabiyot va mutolaa haqida ko‘p va uzoq gapirish mumkin. Agar qisqagina xulosa qiladigan bo‘lsak, adabiyot insonning badiiy tafakkuri mahsulidir. Kitob esa insonning tabiati, mohiyati bilan bog‘liq bo‘lgan buyuk mo‘’jiza. Inson bor ekan, adabiyot va kitob yashashda davom etaveradi.
Ko‘pchilik kitob o‘qishni bilmaydi va ko‘p kishilar nima uchun o‘qiyotganini tuzukroq tushunmaydilar. Ba’zilar buni o‘qimishli bo‘lishning qiyin, biroq yagona yo‘li deb biladi. Ular uchun har qanday kitob kishini «o‘qimishli» qiladi. Boshqa birovlar uchun esa o‘qish — dam olish, shunchaki vaqtni o‘tkazish va ularga nimani (maqola, roman, she’r, xabar va hokazo) o‘qish baribir, zerikarli bo‘lmasa bas. Har birimiz, qaysi kasb egasi bo‘lmaylik, imkon va sharoitimizdan kelib chiqib kitob bilan muayyan darajada muloqotda bo‘lamiz. O‘lchovli hayotimizning ma’lum bir qismini shunga sarf qilamiz. Ammo qanday kitob o‘qish, uning ta’sir va oqibatlari, umuman, nega kitob o‘qiymiz, shu haqda barchamiz ham chuqurroq o‘ylab ko‘rmaymiz.
O‘tgan asrning mashhur adiblaridan biri Herman Hessi kitob mutoalasi haqida shunday yozadi: «Shunchaki dam olish, vaqt o‘tkazishni istagan va «o‘qimishli» bo‘lish haqidagina qayg‘urgan kitobxon kitobdagi dilni poklovchi, kishini ruhlantiruvchi qandaydir noma’lum bir kuchni sezadi. Biroq bu kuchni u aniq tasavvur etolmaydi va baholay ham olmaydi. Bunday kitobxon tibbiyotdan mutlaqo bexabar bemorga o‘xshaydi, ya’ni aynan qaysi dori kerakligini tushunmasdan, har bir qutichadagidan tatib ko‘ra boshlaydi. Aslida mutolaa borasida ham har bir kishi o‘zi uchun zarur bo‘lgan, yangi kuch hamda ruhiy ta’sir baxsh etadigan kitoblarni topa bilishi kerak emasmi?».
Faylasuf Lebbon: «Bobolarimiz kitob topishga qiynalar edilar: hozir esa biz kitob tanlashga qiynalamiz. Mutolaa uchun juda ziyrak bo‘lmoq kerak» deganda naqadar haq ekanligiga men yaqinda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘tkazib kelinayotgan «Yosh kitobxon» respublika tanlovi uchun tavsiya etilgan kitoblar ro‘yxatini ko‘zdan kechirib amin bo‘ldim.
Kitob targ‘iboti, uning ma’naviy yuksalishimizdagi o‘rni haqida qancha gapirsak kam. Ammo kitob mutolaasi xo‘jako‘rsinga, tanlovlarda g‘oliblik uchun bo‘lsa-chi? Kitobdan oladigan zavq-shavqni tuymay, shunchaki tezroq o‘qisamu asar haqida pala-partish ma’lumotga ega bo‘lsam bo‘ldi deb o‘ylaydigan, «men – kitobxonman!» deb ko‘ksiga uradigan yoshlardan haybarakallachilar guruhi shakllanadi xolos. O‘zim ham kasbim taqozosiga ko‘ra viloyat miqyosida tashkil etilgan bu kabi tanlovlarda ishtirok etib, to‘g‘risi, so‘zamol, asarlarni o‘qimay turib, badiiyat qo‘rg‘oni atrofida aravani quruq olib qochadigan, adabiyotdan zavqlanish o‘rniga ma’lumotlar bazasini to‘ldirish uchun yelib-yugurayotgan «kitobxon»larnigina kashf eta oldim.
Yoshlar ittifoqi tavsiya etgan kitoblar ro‘yxati uch qismga bo‘lingan: 10-14 yoshlilar uchun, 15-19 yoshlilar uchun va 20-30 yoshlilar uchun. Ro‘yxatdan xalqimizning dostonlari, nodir va tarixiy asarlari, shuningdek jahon adabiyotining eng sara kitoblari o‘rin olgan. Uni kim tuzganini bilmadim, ammo ayrim jihatlarni e’tiborga olganida ma’qul bo‘lar edi. Masalan, kitoblarni tavsiya qilishda o‘quvchining yoshi, asarni idrok etishi nazardan chetda qolgan. «Alpomish», «Rustamxon» kabi o‘ta milliy va jiddiy masalalar ilgari surilgan dostonlarni 4-5-sinf bolasi idrok eta oladimi? Axir maktab darsliklarini tuzgan pedagog-olimlarimiz ham 9-sinf adabiyot darslarida «Alpomish» dostonini, 10-sinfda esa «Rustamxon»ni o‘qib-o‘rganishni tavsiya etishgan-ku!
Katta yoshli kitobxonlar uchun Alisher Navoiy «Xamsa»sining nasriy bayonini o‘qish tavsiya etilgan. O‘ylab qolasan, Navoiy «Xamsa»ni nasrda yaratmagan-ku! Nasriy variantlarning yaratilishi asliyatni o‘qimasa ham bo‘ladi degani emasligini nahot anglamasak? Bu holda biz qachon Navoiyni anglab yetamiz?!
Shu toifadagi kitobsevarlar uchun keyingi yillarda o‘zbek adabiyotida yaratilgan sara asarlar tavsiya qilingani yaxshi bo‘lgan. Tog‘ay Murod, Murod Muhammad Do‘st, Erkin A’zam, Xurshid Do‘stmuhammad, Nazar Eshonqul, Isajon Sulton kabi nosirlar, Xurshid Davron, Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Sirojiddin Sayyid, Eshqobil Shukur, Iqbol Mirzo, Nodira Afoqova kabi shoirlarning asarlarini 15-19 yoshli kitobxonlarga ham o‘qitsak, bugungi adabiy jarayon bilan tanishtirsak, bugun ham yaxshi-yaxshi asarlar yaratilayotganidan voqif qilsak, yanada yaxshi bo‘lar edi.
Fikrimiz so‘ngida mashhur rus adibi Boris Pasternakning «Buyuk kitobxonlar paydo bo‘lgandagina buyuk adabiyot paydo bo‘ladi» degan gapini keltirishni joiz deb bildim. Yurtimizda kitobga, kitobxonlikka e’tibor yuksalayotganidan xursandmiz.
Zarif Quvonov
Navoiy shahri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter