Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qassob bilan tortishuv (mitti hikoyalar)

Qassob bilan tortishuv (mitti hikoyalar)

Foto: Xabar.uz

Baxtiyorlik

Yuragim sanchib uyg‘ondim. Uyda hech kim yo‘q edi – ayolim ishda, bolalar maktabda. Xayolimga yomon o‘y keldi: hech kim yo‘qligida o‘lib qolsam, yaqinlarimga hech nima deyolmay armonda ketsam nima bo‘lardi? Shukr, o‘lmadim, tirikman – shu baxtiyorlik emasmi? Har kuni yurak sanchiydi – ilohiy qo‘ng‘iroq bu, tayyorlanib borish kerak degani bu, shuni anglash ham baxtiyorlik emasmi?

Dil g‘ashlanib, ishxonaga keldim. Kiraverishda qorovulimiz bir emas, ikki emas, naq beshta taklifnoma tutqazdi. Tanish-bilishlar, hamkasblar to‘ylariga chaqirishibdi. Demak, ularning ko‘nglida borman, yo‘qlashibdi. Bu baxt emasmi?

Qishloqdan onam telefon qilib «boryapman seni ko‘rgani», dedi. Entikib ketdim...

Uch oy oldin ancha yillar ko‘rishmagan do‘stim bilan bir to‘yda uchrashib qoldik. U a’lochi edi. Men esa adabiyotu fizkulturadan boshqasini yoqtirmasdim. U juda badavlat odamning o‘g‘li, «yorqin kelajagi» ham go‘yoki naqd edi. Ammo... hammasi o‘zgarib ketdi. Xullas, u bilan ko‘rishganimizda, juda tund kayfiyatda edi. Bir payt uning ko‘zlari mening sochlarimga tushdi. «Oqarib ketibdi-ku», dedi. Bu gapni shu qadar quvonch bilan aytdiki...

Shuyam uning uchun baxt-da, to‘g‘rimi?

Yana bir tanishimiz, juda yaqin tanishimiz ko‘tarilib ketdi. Bahorda gulu maysalar o‘sishiga qanday ishonasiz? Men ham shunday ishonch bilan uning yoniga bordim. Arzimas ish bilan. U esa tamoman o‘zgargan edi. Bechora, ko‘rmaganning ko‘rgani qursin, degani shu-da. Oradan ko‘p o‘tmay, qanday ko‘tarilgan bo‘lsa, shunday pastga sho‘ng‘idi. Ba’zan davralarda yuzma-yuz kelsak, ko‘zini olib qochadi. Men bilan ko‘rishmasa, yengil nafas oladi.

Buyam baxt bundaylar uchun...

Baxtiyorlikning sabablari ko‘p: o‘g‘riyam muddaosiga yetsa, o‘zini shodon tutadi. G‘iybatu ig‘voga berilib, birovlarning shirin hayoti, tinchini buzadiganlar ham o‘zicha baxtiyor.

Ammo, qarang, farzandlaringiz chopqillab yuribdi: shular mudom quvnashi uchun hech bir kimsaga hasad qilmang, hatto hasadning ham kasri bo‘larkan, o‘ziga urmasa, avlodiga urarkan...

Ariqdagi savob

Uch yarim, to‘rt soat deganda qishlog‘imizga kirib bordim. Ariq tozalab yurgan onamni ko‘rib jahlim chiqdi...

Har doim shunaqa, bolalikda maktabdan kelganimda ham, sinfdoshlarim bilan qosh qorayguncha koptok tepib uyga qaytganimda ham onam ariqdagi xas-xashakni, toshchalarni terib yurganiga duch kelardim. Ayang nima uchun ariqda yuradi, der edi sinfdoshlarim. Men ularning bu savolidan uyalardim. Onam bilan janjallashardim. Ariq tozalab yurishidan or qilardim. «Shunday qilmasam ko‘nglim joyiga tushmaydi», derdi onam.

Uyimiz orqasidan oqib o‘tuvchi bu ariqdan qishloqning yarmi suv ichardi, tomorqasini sug‘orardi. Suvdan nimalar oqib kelmasdi, deysiz. Onam chiqindilarni bitta qoldirmay yig‘ib olardi. Biror foydasi bormi, aya, hammamizni uyaltirdingiz-ku desak ham onam jim edi.

O‘qishga kirdim. Kursdoshlarim bilan qishloqqa borsam, ular ham o‘sha holatga duch kelardi. Yana uyalardim, ammo hech nima deyolmasdim...

Onam bizni qiynalib katta qilgan. Tamaki ekardik, unga sepiladigan doridan zaharlanib ko‘p marta kasallikka chalingan. Yaratganga shukrki, qiyinchiliklar ortda qoldi. Onam hozir, biz farzandlarining rohatini ko‘ryapti, desam adashmayman. To‘rt o‘g‘il va bir singlimiz, beadad shukr, hammamiz uyli-joyli, tayinlimiz. Bir hovli nabiralari bor onamning.

Odamlarning hojatini chiqarish, ko‘cha tozalash, ariq tozalash ulkan savob. Buning ajri ikki dunyoda ham namoyon bo‘ladi. Biz bolalikda onamning ariq tozalab yurishidan or qilardik. Aslida u ana shu xoksorligi bilan hammamizga ibrat bo‘lgan ekan.

...Uch yarim, to‘rt soat deganda qishlog‘imizga kirib bordim. Mashinamni uyimizga olib boradigan ko‘chaga burdimu ariq tozalab yurgan onamni ko‘rib mehrim jo‘shdi.

Bir chimdim mehr

Ishga kelayotsam, qo‘shnimiz jig‘ibiyroni chiqib mashinasini kavlayotgan ekan. Har zamonda tepib qo‘yadi. Uning bu holatda ko‘rib indamay o‘tib ketolmadim. So‘rashib muammosi bilan qiziqdim.

Bundoq qarasam, mashinasining tagi qop-qora. Motorni tekshirdim. Moy yo‘q, to‘kilib ketgan. Qo‘shnimga buni tushuntirdim. Mashinaga ulab, mahallamizdagi ustaxonagacha olib bordim. U yerda usta vaziyatni ko‘rdi, bizni eshitdi va qo‘shnimga tushuntirdi: «Qo‘shnidan yolchigan ekansiz, mashinani tushunarkan. Kim biladi, siz buni ko‘rmay, nimalar qilgan bo‘lardingiz. Otasiga rahmat bunday qo‘shnilarning!»

Katta yo‘lga chiqsam, yosh juvon ikki bolasi bilan sovuqda qaltirab turibdi. «Ippodromga» dedi. Yo‘lim edi, tashlab qo‘ydim. Pul uzatdi, olmadim. «Rahmat, yaxshi insonning farzandi ekansiz», dedi.

Ishdan qaytishda go‘sht olish uchun bozorga tushdim. «Terminal kechki yettidan keyin ishlamaydi», dedi uch-to‘rt kun oldin naqd pulga «okajon-okajon»lab go‘sht sotgan tanish yigit. Uning muomalasi yoqmay yarim soat tortishdim. Xaridorga xushmuomala bo‘lish, plastik karta orqali istalgan paytda narsa olish mumkinligini uqtirmoqchi bo‘ldim. «Borib bunaqa talablarni otangizga ayting», dedi pichoqlarini bir-biriga qayrab.

Asabim buzilib uyga keldim. Meni kutib olgan ayolim hol-ahvol so‘rashdi, choy-non olib keldi. «Dadangizni tush ko‘rgandim, bir ruhi poklariga tilovat qilib qo‘ying, ertalab aytmoqchi edim, vaqtli ketib qolibsiz», dedi u. Ta’sirlanib ketdim.

Bir kunda to‘rt xil holat: har birida dadamni eslatishdi. Garchi qassob yigit qo‘pollik qilgan bo‘lsa-da, uyam padari buzrukvorimni yodga soldi-ku baribir.

Shuning uchun ularniyam OTAsiga rahmat!..

Maqsud Jonixonov.

 

 

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring