Qibrayda hududni «ko‘kalamzorlashtirish maqsadida» daraxtlar kesib tashlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Qibray tumani «Botanika» mahallasida daraxtlar kesilayotgani aks etgan videolavha tarqaldi.
Qibray tumani hokimligi mazkur holat yuzasidan munosabat bildirib, daraxtlar hududni obodonlashtirish maqsadida tuman ekologlari bilan birgalikda kesib tashlanganini bildirdi.
Hokimlikka ko‘ra, mazkur mahalla joriy yil «Tashabbusli budjet» loyihasining 1-mavsumida «qarovsiz bo‘lgan jami maydoni 34 sotix yer maydonini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashirish hamda mahalla yoshlari uchun umumiy maydoni 800 kvadrat metrni tashkil etadigan sun’iy qoplamali yopiq futbol maydonini qurish loyihasini yutib olgan.
«Loyiha doirasida 1,5 mlrd so‘m mablag‘ evaziga zamonaviy, yopiq futbol maydonini qurish va tuman hokimligi tashabbusi bilan hudud atrofini yanada ko‘kalamzorlashtirish hamda sayr qilish yo‘laklarni tashkil etish maqsadida mazkur qarovsiz bog‘dagi qurigan va parvarishlash imkoni mavjud bo‘lmagan 3 tup gilos va 3 tup o‘rik daraxtlari hamda 1 dona siren butasi (moratoriy joriy qilinmagan) jami 7 dona daraxt Hukumatning 464-sonli qarorining 1-ilova, 1-bob, 2-bandida keltirib o‘tilgan talablar asosida, tuman Ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish bo‘limi mas’ullari ishtirokida tegishli tartibda (videoda qonun talablari buzilganligi iddao qilingan) kesilgan», – deyiladi hokimlik munosabatida.
Rasmiy munosabatda, shuningdek, hududda «Yashil bog‘» tashkil etish, aholining maroqli dam olishi uchun qulay va ekologik toza hudud yaratish maqsadida barpo etilishi rejalashtirilayotgan mazkur loyihada aholi vakillarining taklif va tavsiyalari ham inobatga olingani aytiladi.
O‘z navbatida, Qibray tumani hokimligi fuqarolarga «asossiz va yolg‘on ma’lumot tarqatish uchun javobgarlik borligini» eslatmoqda.
Viloyat ekologiya boshqarmasi tez orada ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabat berilishini ma’lum qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter