Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qimor o‘yinlarini san’atkor targ‘ib qilsa jazolanadimi?

Qimor o‘yinlarini san’atkor targ‘ib qilsa jazolanadimi?

Skrinshot.

Onlayn qimor butun dunyoni shiddat bilan egalladi. Shu bois bugun onlayn qimor botqog‘iga tobora chuqurroq botib borayotganlar ko‘paymoqda. Nafaqat yoshlar, balki kattalar ham bu qarmoqqa ilinmoqda.

O‘tgan yili bot-bot mana shu onlayn qimor tufayli hatto o‘z joniga qasd qilganlarning xabarlariga duch keldik. Mosbet, 1xbet saytlari bloklangan, ammo unga qanday kirishni targ‘ib qilayotgan vaynerlar, blogerlar bugun qonun oldida javob berishi belgilab qo‘yildi. Ya’ni bukmeykerlik, onlayn qimor reklamalarini tarqatuvchilarni javobgarlikka tortish bo‘yicha hujjat imzolandi.   

Har bir reklama ortida kattagina pul turadi.  Onlayn qimor o‘ynaladigan saytlar bloklangani bilan uni reklama qilayotganlar bloklanmagan ekanligi va uning ortida hali hamon fojealar davom etayotgani achinarli. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p marta bong urilgan. Masalan Facebook`dagi Shermuhammad Akbarov, Dima Qayum kabi akkaunt egalari yuqori organlardan ikki yildan beri o‘z sahifasida onlayn qimorni reklama qilayotganlarni nazoratga olishni so‘ragan bo‘lsa, «Xalq bilan bo‘l», «Xalq nazorati» kabi katta guruhlarda mana shu onlayn qimor orqali o‘z joniga qasd qilgan insonlar hayotiga zomin bo‘layotgan o‘yinlar haqida bir necha marotaba bong urilgan, odamlar bu o‘yinlariga o‘zlarining salbiy fikrlarini bildirishgan. Va nihoyat yaqinda qimor o‘yinlarini reklama qilayotganlarni bloklash vaqti kelganini anglab yetdik. Achinarlisi bu o‘yinlarni qo‘shiqchilarimiz reklama qilayotgani.

Bu haqda tarmoq foydalanuvchisi Mirzoozod Mirzane’matov o‘z sahifasida shunday yozadi: «Nasafiy degan bitta yigitning guli, «Xeyterlar» qo‘shig‘iga olgan klipi ham, Sardor Mamadaliyev bilan duet shaklida aytilgan «Akang kuchaydi», nomli qo‘shiq klipi Mosbet va 1xBet kabi bukmeykerlik tarmoqlari reklamasiga bag‘ishlangan». Yana muallifning iddaosicha, ularning klipini ikki millionga yaqin odamlar tomosha qilishgan. Bu kliplardagi deydi muallif krujka va qizlarning kiyib olgan futbolkalaridagi 1 xBet belgisiga e’tibor qarating.

Darhaqiqat har ikkala klipda ham ushbu qimor o‘yinlarini o‘ynasang shohona hayot kechirasan degan targ‘ibot bor. Kliplardagi yarim-yalang‘och qizlar, hashamatli, mehmonxonalar, sochilayotgan xorij valyutasi bularning barchasi mana shu o‘yinni o‘ynasang xuddi shunday yashaysan degan ma’no kelib chiqaradi. Hattoki Nasafiy tushgan klipda katta yoshli odam bolaga tanbeh beradi, «bu yurishingni, o‘yin o‘ynayotganingni ota-onang biladimi», deb, bola «ha», deydi. Shu orada boyagi tanbeh bergan kishining ham telefoniga bir million yutdingiz qimor o‘yinidan degan xabar keladi...

Ikkala qo‘shiqning ham targ‘iboti aynan mana shu qimor o‘yinlariga borib taqaladi. Ayni paytda IIB vaynerlar,blogerlarni nazorat qilish, ularni javobgarlikka tortish ishlarini boshlab yuborishdi. Ammo blogerdan, ham, vaynerdan ham taniqliroq va odamlar ergashishi oson bo‘lgan san’atkorlarni kim tartibga chaqiradi? Ularning ijtimoiy tarmoq sahifalaridagi ushbu kliplarini kim nazorat qiladi? Madaniyat vazirligi emasmi? Ayni shunday paytda ma’naviyat ma’rifat targ‘ibotchilari yuqori organlardan shunday san’atkorlar va reklama tarqatuvchilar bilan shug‘ullanishni so‘rab murojaat qilishi, amalda kurash boshlashi lozim. Aks holda bu o‘rgimchak to‘ri ko‘plarni o‘z to‘riga o‘raydi. Esi dardi pul topish bo‘lganlarni esa millat kelajagi, yoshlar fojeasi, odamlarning hatto o‘z joniga qasd qilishi mutlaqo qiziqtirmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring