Qirg‘izistonlik ekofaol: «Issiqko‘l atrofida plastik paket sotish taqiqlangan»
«Zamin» fondi va Ekologiya vazirligi tomonidan tashkillashtirilgan ikkinchi xalqaro Samarqand ekoforumida 8 davlatdan kelgan ekofaollar ishtirok etmoqda. Qirg‘izistonlik ishtirokchi Oygul Omarqulovaning mamlakatdagi ekologik holat bo‘yicha fikrlari bilan qiziqdik.
Qirg‘izistonlik ekofaol mintaqada rivojlanib borayotgan tekstil sanoti natijasida yuzaga kelayotgan tekstil chiqindilari mavzusiga asosiy e’tibor qaratayotganini aytdi.
«Qirg‘izistonda va bilishimcha butun Markaziy Osiyo davlatlarida tekstil sanoati rivojlanib bormoqda. Ammo mintaqada tekstil chiqindilarini utilizatsiya qilish yoki qayta ishlash tizimi haqida hali eshitmaganman. Vaholanki, bu soha rivojlanib, tekstil chiqindilari miqdori oshmoqda. Biz Samarqandagi eko-oromgohda shu mavzuda takliflar bildirdik. Loyihamizga ko‘ra, tekstil chiqindilaridan suyuq oboi (gulqog‘oz) ishlab chiqarishni rivojlantirish mumkin», – dedi Oygul Omarqulova.
Qirg‘izistonlik ekofaoldan mamlakat ekologik hayotidagi o‘zgarishlar va yashil energetika, xususan, quyosh energetikasi haqida ham so‘radik:
«Bizdagi eng ko‘p sayyohlar boradigan Issiqko‘lda oxirgi yillarda plastik chiqindilar ko‘payib ketgani sabab uning atrofida poliyetilin paketlar sotish taqiqlandi. Plastik idishlarni taqiqlash muhokama jarayonida.
Quyosh energetikasi haqida to‘xtalsam, bizda asta-sekin ko‘chalarda quyosh panellari ko‘paya boshladi, ammo bunday energiya turi juda rivojlangan deb bo‘lmaydi. Samarqand ko‘chalarida esa katta binolar, universitetlar tomlarida quyosh panellarini ko‘rdim, bu juda ajoyib», – dedi Oygul.
Suhbatdoshimiz Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda qishda energiya ishlab chiqarish jarayonida yuzaga keladigan tutun muammosini mamlakatdagi eng jiddiy ekologik muammolardan biri sifatida keltirdi:
«Qishdagi tutun muammosini hal qilish uchun shahar hokimligi borgan sari ko‘proq elektrobuslar xarid qilib, eski marshrutkalarni olib tashlamoqchi. Darvoqe, shahar meriyasi Bishkekdagi trolleybuslarni ham elektrobuslar bilan almashtirmoqchi», – dedi qirg‘izistonlik ishtirokchi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter